Oʻzbekiston AQSH hududida uchta konsullik ochishni rejalashtirmoqda, dedi mamlakatning Qoʻshma Shtatlardagi elchisi Furqat Sidiqov 17-yanvar kuni elchilar va tadbirkorlar ishtirokidagi uchrashuvda.
Uning soʻzlariga koʻra, 2026-yildan boshlab AQSH fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etiladi, bu esa turizm sohasi uchun yangi istiqbollarni ochadi.
U Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi munosabatlar birinchi marta eng yuqori darajaga koʻtarilganini va mamlakatning diplomatik vakolatxonasi kengaytirilishini taʼkidladi.
«Soʻnggi 30-yil davomida Vashingtonda elchixonamiz va Nyu-Yorkda bosh konsulligimiz faoliyat yuritib keldi. Prezident farmoniga muvofiq, Chikago, San Fransisko va Vashington shtatlarida yana uchta qoʻshimcha konsullik ochamiz», dedi Sidiqov.
Elchi bu mamlakatning sayyohlik salohiyatini targʻib qilish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishini taʼkidladi. Shuningdek, Oʻzbekiston hozir mintaqada Qoʻshma Shtatlarni Markaziy Osiyo va Yevropa bilan bevosita bogʻlaydigan yagona mamlakat ekanini taʼkidladi.
“Oʻzbekistondan haftasiga besh marta parvozlar amalga oshirilmoqda, bu ham oʻziga xos koʻprik vazifasini bajarmoqda va bundan faol foydalanish kerak. Biz Florida yoki Kaliforniyaga qoʻshimcha reyslar ochish imkoniyatini koʻrib chiqmoqdamiz. Bu potensial yanada koʻproq kengayadi degani”, dedi elchi.
Shu tufayli u turoperatorlarni amerikalik sayyohlarga moʻljallangan mahsulotlarni ishlab chiqishga chaqirdi.
«Men hurmatli turoperatorlarni Amerika bozoriga moslashtirilgan sayohat paketlarini ishlab chiqishga taklif qilmoqchiman. Bilasizmi, AQSH bozori juda talabchan va standart, sodda takliflar bu yerda ishlamaydi», dedi Sidiqov.
Uning taʼkidlashicha, hozir AQSHda oʻzbekistonlik migrantlarning uchinchi avlodi ulgʻaymoqda va koʻpchilik oʻz tili va vatani bilan aloqasini yoʻqotmoqda.
«Agar biz vatandoshlarimiz uchun maxsus turlarni taklif qilsak, ishonchim komilki, oʻzbek oilalari farzandlarini Oʻzbekiston bilan tanishtirish — ularga Samarqand, Buxoro va boshqa tarixiy joylarni koʻrsatish uchun olib kelishdan mamnun boʻladi», dedi u.