Uchrashuv chogʻida akademik va ekspert-tahlil doiralari oʻrtasida Oʻzbekiston-Avstriya hamkorligini kengaytirish, iqtisodiy tadqiqotlar sohasida amaliy aloqalarni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Elchi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar, ulkan sarmoyaviy salohiyat hamda Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyati doirasida xorijiy ishbilarmon uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.

M. Xolzner Avstriyaning ekspert-tahlil doiralari oʻrtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Oʻzbekiston va uning mintaqadagi ijobiy tashabbuslarning “harakatlantiruvchi kuchi”ga aylangan iqtisodiy salohiyatini oʻrganishga qiziqish ortib borayotganini alohida taʼkidladi.

Qayd etish joizki, Vena xalqaro iqtisodiy tadqiqotlar instituti ilmiy-tahliliy ishlarining asosiy isteʼmolchisi Yevropa tashqi aloqalar xizmati hisoblanadi. Avstriya instituti direktori Yevroosiyo mintaqasi mamlakatlarining makroiqtisodiy tadqiqotlar natijalariga yirik global iqtisodiy subyektlarning talabi tobora ortib borayotganini ham maʼlum qildi. Uning aytishicha, oʻz instituti va Yevropa tashqi aloqalar xizmati, shuningdek, Yevropa davlatlari Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlashdan manfaatdordir.

Muloqot chogʻida Vena xalqaro iqtisodiy tadqiqotlar instituti va Oʻzbekistonning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Toʻplangan tajriba, shuningdek, har ikki tomonda mavjud boʻlgan salmoqli salohiyat oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini berishi taʼkidlandi.

1972-yilda tashkil etilgan Vena xalqaro iqtisodiy tadqiqotlar instituti Avstriyaning yetakchi aql markazlaridan biri hisoblanadi. Institut Markaziy, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa, shuningdek, jahon iqtisodiyotida muhim rol oʻynaydigan mintaqalar va mamlakatlarni oʻrganishga ixtisoslashgan.

2021-yilda “Global Go To Think Tank Index” indeksi reytingida institut “Ichki iqtisodiy siyosat boʻyicha eng yaxshi tahliliy markazlar” yoʻnalishida uchinchi oʻrinni egalladi.