Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergavi, BAA Bosh vaziri Devoni Bosh direktori Abdulloh Luta, Dubay kelajak jamgʻarmasi rahbari Xalfan Belxul va boshqa rasmiylar hamda mamlakat ilgʻor yoshlarining vakillari – “One million Uzbek coders” loyihasi ishtirokchilari va “IT-Park” rezidentlari qatnashdi.

Tadbir mehmonlari loyiha tarixi va natijalari bilan tanishdilar. Loyiha doirasida 2019-yilda eng ommabop 4ta yoʻnalishda, jumladan, maʼlumotlarni tahlil qilish, Android dasturlarini yaratish, veb-dasturlarni yaratish va toʻliq siklli dasturiy taʼminotni ishlab chiqish boʻyicha masofadan turib dasturlashni oʻrganishga imkon beradigan “uzbekcoders.uz” elektron portali ishga tushirilgani haqida soʻz bordi.

Loyiha boshlangandan buyon “uzbekcoders.uz” platformasida 2,5 milliondan ortiq yoshlar roʻyxatdan oʻtdi, 1 million 557 ming kishi birinchi bosqichni yakunladi, shundan 1 million 175 mingdan ortiq oʻquvchilar kursni muvaffaqiyatli tugatganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarga ega boʻldi. Loyihani amalga oshirish davomida umumiy mukofot jamgʻarmasi 350 ming dollar va “Udacity Nanodegree” treningi uchun 370 grantdan iborat boʻlgan 20 dan ortiq tanlov oʻtkazildi.

Loyiha doirasida 2 200 nafardan ortiq maktab oʻqituvchilari, Yoshlar Ittifoqining 450 nafar faollari, 400 nafarga yaqin maxsus va 250 nafar oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilari uchun ham onlayn seminarlar tashkil etildi. 2020-yilda mukofot jamgʻarmasi 30 ming dollarlik “IT Park Cup” birinchi sport dasturlash chempionati, Toshkentdagi 8 ta universitet talabalari uchun tadbirkorlik va startap ekotizimini rivojlantirish boʻyicha umumiy sovrinlari 30 ming dollarlik “Students Cup” musobaqasi, shuningdek Dubay Kelajak jamgʻarmasi bilan hamkorlikda har yili oʻtkaziladigan va Oʻzbekiston axborot texnologiyalari, tadbirkorlik va iqtisodiyotida ochiq maʼlumotlar sohasini rivojlantirishga qaratilgan “Open Data Challenge 2020” tanlovi oʻtkazildi. 2021-yildan boshlab Davlat rahbarining qarori bilan loyihaning sertifikatlangan bitiruvchilariga kompyuter sotib olish uchun foizsiz kreditlar berilyapti.

Tadbir yakunida loyihaning turli nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar eʼlon qilindi. Jumladan, “eng yaxshi talaba” nominatsiyasida mukofot Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi Farrux Saliyevga topshirildi; “eng yaxshi oʻqituvchi” nominatsiyasida sovrin gʻolib deb topilgan IT-Park Samarqand viloyat filialining startap-menejeri Bobomurod Toshboyevga topshirildi; “eng yaxshi maktab” nominatsiyasida Qashqadaryo viloyati 9-ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabi gʻolib deb topildi; Oliy oʻquv yurtlari orasida mukofot Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filialiga topshirildi; “eng yaxshi hudud” nominatsiyasida Xorazm viloyati peshqadam boʻldi va “eng faol oila” nominatsiyasida Toshkent viloyati Parkent tumanidan Xolovlar oilasi sovrin bilan taqdirlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.