Unda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarning bugungi holati va hamkorlik istiqbollari xususida atroflicha fikr yuritilgan.

Oʻzbekiston diplomatiya vakolatxonasi rahbarining soʻzlariga koʻra, 2019-yilning mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev BAAga buyurgan ilk rasmiy tashrifi davomida ikki tomonlama munosabatlarga mustahkam poydevor qoʻyildi. Mazkur oliy darajadagi tashrif davomida Amirliklar rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazildi va qator ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

Elchining aytishicha, ushbu tashrifdan oldin ikki mamlakat oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi u qadar katta emas edi. Biroq 2019-yilning martidan 2021-yilning avgustigacha BAAdan Oʻzbekistonga kiritilgan sarmoyalar hajmi 4,5 milliard dollarga yetdi. Ushbu raqamlar faqat amalga oshirilayotgan loyihalarga tegishli.

Suhbatda energetika va qishloq xoʻjaligi sohalarida, shuningdek, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohasida loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlangan. Oʻtgan oy oxirida Abu-Dabining “Masdar” kompaniyasi tomonidan qurilgan Oʻzbekistondagi birinchi 100 Mvt quyosh elektr stansiyasining ochilishi boʻlib oʻtdi.

Elchi, shuningdek, turizm faol hamkorlikning yana bir sohasi ekanini qayd etgan. Chunki ikkala mamlakat ham noyob tashabbuslarni taklif qilishi mumkin. Uning aytishicha, turizm va biznes maqsadida mamlakatimizga kelgan BAA fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgan.

Suhbatda Oʻzbekistonning “EKSPO 2020 Dubay” koʻrgazmasidagi ishtirokiga alohida eʼtibor qaratilgan. Taʼkidlanganidek, ushbu koʻrgazmada Oʻzbekiston birinchi marta ishtirok etyapti. Milliy pavilyonda mamlakatning tarixi, buguni va kelajagini namoyish etuvchi uchta hudud joylashtiriladi. Oʻzbekiston boʻlmasiga tashrif buyuruvchilar noyob oʻzbek milliy taomlaridan tatib koʻrish imkoniyatiga ham ega boʻladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.