Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Shanhay Hamkorlik Tashkilotining ezgu niyat elchisi boʻldi

    Joriy yilning 20-iyun kuni Pekin shahrida ShHT kuniga bagʻishlangan tantanali qabul marosimi doirasida Tashkilotga aʼzo davlatlar tegishli vakillarining birinchi guruhiga ShHTning ezgu niyat elchisi faxriy unvonini topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

    Marosimda ShHTga aʼzo davlatlar elchilari, doimiy vakillari, Xitoy davlat muassasalari vakillari, ShHT kotibiyati rahbariyati hamda xodimlari ishtirok etdi.

    ShHT Bosh kotibi Chjan Min Oʻzbekiston Respublikasidan nomzod Akmal Nurga “ShHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni sertifikatini tantanali tarzda topshirdi.

    Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, Tashkilotning 2021-yilda Dushanbe shahrida oʻtgan sammitida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “ShHTning ezgu niyat elchisi” institutini joriy qilish tashabbusini ilgari surgan edi.

    2022-yilda Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan ShHT sammitida Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari tomonidan “SHHTning ezgu niyat elchisi”ning faoliyat vakolatlari, funksional vazifalari va moliyaviy yoʻriqlari koʻrsatilgan tegishli Nizom tasdiqlandi.

    ShHTning ushbu faxriy unvoniga birinchilardan sazovor boʻlgan Oʻzbekiston xalq rassomi, akademik Akmal Nur Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshayotgan, ijodi bilan nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham dovrugʻ qozongan rassom sanaladi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur “ShHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvonini olgan ilk namoyandalar saʼy-harakati kelgusida madaniy-maʼrifiy sohalardagi oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish, mintaqada hamjihatlik, doʻstlik va birodarlik, yaxshi qoʻshnichilik va teng manfaatli aloqalarni izchil yoʻlga qoʻyishda xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

    Gulichehra Durdiyeva,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri