Oʻzbekiston bilan Buyuk Britaniya oʻrtasida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikning borishi koʻrib chiqildi

    Xalqaro hamkorlik 15 Sentabr 2021 920

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari L.Kudratov Buyuk Britaniyaning Janubiy Osiyo va Hamdoʻstlik ishlari boʻyicha davlat vaziri Lord Tarik Ahmad bilan uchrashdi.

    Muzokaralar chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston-Britaniya Kengashining 25-yigʻilishi doirasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi muhokama qilindi.

    Britaniya tomoni Oʻzbekistonda investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashni koʻzlab olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni olqishladi.

    Suhbat chogʻida tomonlar oʻzaro savdoning ijobiy dinamikasini, xususan, koviddan keyingi davrdagi oʻsishini qayd etdilar. Jumladan, joriy yilning yanvar-iyul oylarida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 52,5 foizga oshdi. Buyuk Britaniyadan investitsiyalarni jalb qilish koʻrsatkichlari ham sezilarli oʻsishni koʻrsatmoqda.

    Moliyaviy-texnik hamkorlik masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Britaniya tomoniga Jahon banki bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda iqtisodiy taraqqiyotni samarali boshqarish” dasturi (ESD) doirasida Oʻzbekistonda iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etishda koʻrsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirildi. “TAF2 COVID19 Rapid Response Facility” granti doirasida pandemiyaning Oʻzbekiston eksport tuzilmasiga salbiy taʼsirini baholash loyihasini amalga oshirishda erishilgan yutuqlar ham qayd etildi.

    Muzokaralar yakunida tomonlar koʻrib chiqilgan hamkorlikning barcha yoʻnalishlari doirasida faol va muntazam ravishda muloqot qilishga sodiqligini bildirdilar. Shuningdek, Britaniya tomoni bilan joriy loyihalarni ilgari surish va investitsiya va savdo hamkorligining yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish uchun yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.