Anjuman BMT tomonidan Buyuk Britaniya, Germaniya va Qatar hukumatlari bilan birgalikda BMTning Afgʻonistondagi gumanitar faoliyatini moliyalashtirish uchun donorlik mablagʻlarini safarbar qilish va ushbu mamlakatdagi gumanitar inqirozga xalqaro hamjamiyat eʼtiborini jalb qilish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir ochilishida BMT Bosh kotibi Antonio Gutterish va tashkilotchi mamlakatlarning tashqi siyosat idoralari rahbarlari soʻzga chiqdilar. Yalpi majlis doirasida Afgʻonistondagi hozirgi gumanitar vaziyat, jumladan, xotin-qizlar va bolalar ahvoliga alohida urgʻu berilgan holda muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Vladimir Norov oʻz nutqida, Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakat muvaqqat hukumati bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasidagi pozitsiyasi va qarashlarini tilga oldi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Afgʻonistonga koʻmaklashish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarni safarbar qilish va muvofiqlashtirishda BMTning faol ishtirok etishi muhimligi qayd etildi.