Oʻzbekiston BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Kengashiga saylandi

    Xalqaro hamkorlik 7 Iyul 2025 1344

    4-iyul kuni Rimda boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Kengashining 2028-2029-yillarga moʻljallangan aʼzoligiga saylovda Oʻzbekiston Respublikasi tarixida birinchi marta ushbu nufuzli organ tarkibiga bir ovozdan saylandi.

    Qayd etilishicha, kengash geografik taqsimotni hisobga olgan holda 3-yilgacha muddatga saylanadigan 49 ta aʼzo davlatdan iborat. Kengash oʻz vakolatlari doirasida byudjet, FAO dasturlarini muhokama qiladi va Konferensiyaga muhim qarorlar va tavsiyalar beradi.

    Oʻzbekistonning mazkur organga saylangani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida amalga oshirilayotgan chuqur oʻzgarishlar va mamlakatimizning global jarayonlardagi roli ortib borayotgani xalqaro miqyosda eʼtirof etilganining yorqin ifodasidir.

    FAO Kengashiga aʼzolik Oʻzbekiston uchun global qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat siyosatini shakllantirish, meʼyoriy hujjatlar va standartlarni ishlab chiqish, milliy va mintaqaviy tashabbuslarni taqdim etish, shuningdek, loyihalarni ilgari surish va qoʻshimcha moliyaviy resurslarni jalb qilishda keng imkoniyatlar ochadi.