Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik hamkorlikni chuqurlashtirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar joriy yilning dastlabki 9 oyida ikki tomonlama savdo aylanmasining 2,5 barobar oʻsganini, shuningdek, oʻtgan 4 yil davomida Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar sonining 33%, yaʼni 260 dan 350ta kompaniyagacha oshganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Oʻzbekistonning Birlashgan Qirollikning Preferensiyalar bosh tizimining Kengaytirilgan sxemasi (Enhanced GSP)ga qoʻshilish toʻgʻrisidagi murojaatining bugungi holati va ushbu tashabbusni ilgari surish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish yoʻllari ham koʻrib chiqildi.
Alohida tartibda kelgusi yilning bahorida Toshkent shahrida Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston – Britaniya kengashi (UBTIC) konferensiyasini oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qoʻshma tashabbus va dasturlar ijrosini jadallashtirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.