Oʻzbekiston charm-poyabzal sanoati mahsulotlari Italiyadagi nufuzli xalqaro koʻrgazmalarda namoyish etildi

    Biznes 23 Sentabr 2024 605

    Shu yil 17-19-sentyabr kunlari Italiyaning Milan shahrida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va 10 dan ziyod mahalliy korxona vakillarining yangi turdagi mahsulotlari nufuzli “Simac Tanning Tech 2024” va “Lineapelle” xalqaro charm-poyabzal sanoati koʻrgazmalarida namoyish etildi.

    Mazkur koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida tadbir tashkilotchisi — Italiyaning “Assomac” poyabzal, charm va attorlik uyushmasi rahbari Agostino Apolito bilan samarali muzokaralar oʻtkazildi.

    “Assomac” uyushmasi mamlakatimizning charm-poyabzal sohasida mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, texnologlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirish, mahsulotlarni sertifikatlash hamda oʻzaro savdoni rivojlantirish masalalarida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi bilan yaqin hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Muloqot chogʻida Italiya texnologiyalariga xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan “Servis markazi”ni ochish va mahalliy mutaxassislarni oʻqitish masalalari muhokama etildi.

    Shuningdek, ushbu koʻrgazma doirasida mahalliy korxonalarimiz Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Vengriya, Indoneziya, Hindiston, Turkiya va Eron kompaniyalari bilan muzokaralar olib borib, eksport va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomalarni imzoladilar.

    Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, 1973-yilda ilk bor oʻtkazilgan “Simac Tanning Tech 2024” va “Lineapelle” xalqaro charm-poyabzal sanoati koʻrgazmalari bugungi kunga kelib har yili 300 dan ziyod Italiya va xorijning nufuzli charm, attorlik va poyabzal sanoati kompaniyalarini oʻzida jamlaydi. Unda texnologik innovatsiyalar, dizaynerlik gʻoyalari, charm-poyabzal va boshqa turdagi mahsulotlar namoyish etiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.