O‘zbekiston delegatsiyasi Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning 66-Bosh konferensiyasi ishida qatnashdi

    «O‘zatom« agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov va AEXA bosh direktori Rafael Grossi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvda Rafael Grossi 2022 yilda kuzatilgan ikki tomonlama hamkorlikning o‘suvchanligini yuqori baholadi. Mamlakatda AEXA ekspertlari ishtirokida bir necha milliy seminar va boshqa tadbirlar tashkil etilgani buning dalilidir.

    Bosh direktor AEXA departamentlarining respublika tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligi haqida yaxshi maʼlumotga ega ekanligini qayd etdi. Uning aytishicha, O‘zbekiston o‘z atom energetikasini yaratish yo‘liga o‘tgan davlat sifatida doimo uning diqqat-eʼtiborida turibdi. Shu munosabat bilan, u agentlik O‘zbekistonga yadro infratuzilmasini rivojlantirish va milliy iqtisodiyotning turli tarmoqlariga yadro texnologiyalarini joriy etishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

    Rafael Grossi Islom taraqqiyot banki ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash masalasiga alohida to‘xtaldi. Bosh direktor ushbu loyiha uning shaxsiy eʼtibori va nazoratida ekanligini taʼkidladi.

    Uning aytishicha, agentlik uskunalarni xarid qilishni muvofiqlashtirish va nazorat qilishni o‘z zimmasiga olishi mumkin. Rafael Grossi qayd etganidek, ayni paytda agentlik O‘zbekiston bilan yadro tibbiyotida qo‘llaniladigan o‘ziga xos asbob-uskunalardan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tibbiy mutaxassislar malakasini oshirish sohasida strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.

    AEXA bosh direktori O‘zbekistonda bunday keng ko‘lamdagi loyihaning amalga oshirilishi jahon hamjamiyatiga o‘ziga xos namuna bo‘lishini alohida qayd etdi va ushbu inshootning ochilish marosimida shaxsan ishtirok etish niyatini bildirdi.

    O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni Rafael Grossiga ko‘rsatilayotgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi va hukumat nomidan O‘zbekiston AEXAning yadroviy xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha talab va tavsiyalariga rioya qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga sodiq ekanligini qayd etdi.