BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan chaqirilgan sammit dunyo boʻylab taʼlim sifatini yaxshilash yoʻllarini muhokama qilish, shuningdek, pandemiya sababli yuzaga kelgan toʻsiqlarni yengib oʻtishga qaratilgan.
Sammitda BMTga aʼzo davlatlar, BMT agentliklari, xalqaro tashkilot va agentliklar, olimlar va soha mutaxassislari, fuqarolik jamiyati, turli jamgʻarmalar, kasaba uyushmalari, shuningdek, xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda.
Mamlakatimiz nomidan mazkur nufuzli tadbirda maktabgacha taʼlim vaziri Agrepinna Shin boshchiligida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Karimov Komiljon, Oʻzbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakili Umid Shodiyev va boshqa masʼul mutaxassislardan tarkib topgan delegatsiya ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston vakillari sammitning taʼlimni isloh qilish boʻyicha qator sessiyalarida ishtirok etmoqda, shuningdek, taʼlimni raqamli transformatsiya qilish mavzusidagi yakuniy yalpi majlisida ham qatnashadi, deyiladi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati xabarida.