Oʻzbekiston delegatsiyasi BMTning Xotin-qizlar holati boʻyicha komissiyasining 67-sessiyasida ishtirok etyapti

    Xalqaro hamkorlik 11 Mart 2023 1717

    Shu kunlarda BMTning Xotin-qizlar holati boʻyicha komissiyasining 67-sessiyasi boʻlib oʻtyapti.

    Unda dunyoning barcha mintaqalaridan aʼzo davlatlar, BMT tuzilmalari va “ECOSOS” tomonidan akkreditatsiyadan oʻtgan nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari ishtirok etyapti.

    Ayollar maqomi boʻyicha komissiyaning bu galgi sessiyasi asosiy mavzusi raqamli texnologiyalar va ayollar huquqlari boʻldi. Sessiyada ishtirok etgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “Oddiy narsa: insoniyat ijodiy gʻoyalarsiz fan va texnologiya sohasida oʻz salohiyatining faqat yarmini amalga oshiradi”, — deya taʼkidlab oʻtdi.

    Mazkur tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan gender tenglik siyosati, taʼlim va ilm fanda xotin-qizlarga berilayotgan imtiyozlar va imkoniyatlar, xotin-qizlar ijtimoiy himoyasini taʼminlashdagi innovatsion yondashuv, ayollar tadbirkorligi va biznes yoʻnalishida imkoniyatlarni kengaytirishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston tajribasi taqdim etildi.

    Shu bilan birga mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari sessiyaning bir qator shoʻbalarida ishtirok etdi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasining (YUNFPA) Gender va inson huquqlari boʻlim boshligʻi Nafissatou Diop, boʻlim maslahatchisi Leyla Sharafiy bilan uchrashdi.

    Suhbat chogʻida YUNFPA vakillari Oʻzbekistonda gender tenglik sohasida olib borilayotgan islohotlar koʻlamini, olib borilayotgan gender siyosatning samarali natijalarini va qabul qilinayotgan qonunlarni doimiy kuzatib borishini eʼtirof etdi.

    Muloqot davomida zoʻravonlikni sodir etgan shaxslar bilan ishlash boʻyicha standart operatsion ish tartiblarini (SOT) joriy etish boʻyicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirish, OAV vakillari uchun gender sezgirlik boʻyicha oʻquv seminarlarini tashkil etish, gender statistikasini samarali yuritish, zoʻravonlikka uchragan nogironligi boʻlgan xotin-qizlar uchun treninglar oʻtkazish samaradorligini yaxshilash masalalari muhokama etilib, bu borada hamkorlik olib borishga kelishib olindi.

    Bundan tashqari, delegatsiya vakillari “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori oʻrinbosari Anita Bxatiya bilan uchrashdi. Muloqot davomida A.Bxatiya Oʻzbekistonda gender tenglik va xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash, ularning jamiyatdagi mavqeini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

    BMT vakili 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi hamda 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha milliy dasturni amalga oshirishda Tashkilotning texnik va moliyaviy koʻmagini jalb etishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.

    Jumladan, ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish borasida innovatsiya va raqamli texnologiya dasturlarini ishga tushirish boʻyicha hamkorlikka oid aniq loyihalar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

    Shuningdek, vakillarimiz BMT tadbirlari doirasida Vengriyaning madaniyat va innovatsiyalar vazirligi davlat kotibi oʻrinbosari Attila Beneda bilan ham uchrashuv oʻtkazdi.

    Muzokaralar doirasida ikki davlat oʻrtasida startap loyihalar tanlovlari oʻtkazilishi tajribasini rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida Vengriya tajribasi xususida ham soʻz bordi.

    BMTning 67-sessiyasi doirasida xorijiy delegatsiyalar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi va bir qator kelishuvlarga erishildi.

    Xususan, Oʻzbekiston delegatsiyasining Qirgʻiziston oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari bilan uchrashuvda oliy taʼlim va innovatsion faoliyat sohasidagi hamkorlikning amaliy mexanizmlari muhokama etildi va joriy yilda Qirgʻizistonning qiz talabalari bilan bogʻliq startap va innovatsion loyihalar uchun maxsus loyiha tashkil etishga kelishib olindi.

    Qirgʻiziston deputati D.Ashimova Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini alohida kuzatib borishini taʼkidladi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni va xotin-qizlarning taʼlim sohasida berilayotgan eʼtiboriga shaxsan guvoh boʻlayotganini taʼkidlab, ushbu yoʻnalishdagi barcha tashabbuslarni yuqori baholadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.