Oʻzbekiston elchixonasidan olingan maʼlumotga koʻra, tashrif davomida Isroilning qishloq xoʻjaligi sohasidagi yetakchi kompaniyalari vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi. Delegatsiya qurgʻoqchil hududlar va cheklangan suv resurslari sharoitida qishloq xoʻjaligi sohasidagi soʻnggi yutuqlar va innovatsion yechimlar bilan tanishdi.

Jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, ekinlarning yangi navlarini koʻpaytirish, maxsus oʻgʻitlar ishlab chiqishda “aqlli sugʻorish” tizimining innovatsion usullari taqdim etildi.

Oʻzbekistonda turli xil ekinlarni yetishtirish boʻyicha qoʻshma pilot loyihani yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Delegatsiya dunyodagi eng yaxshi 30 ta qishloq xoʻjaligi maktablaridan biri - Quddusdagi Robert Smit nomidagi universitetning qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va atrof-muhit fakulteti maʼmuriyati va oʻqituvchilari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Mutaxassis va tadqiqotchilarning maʼlumotlar bazasini shakllantirish uchun oʻzaro qiziqarli tematik yoʻnalishlar boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Isroilning yetakchi oliy taʼlim muassasasi va koʻp tarmoqli ilmiy-tadqiqot instituti boʻlgan Vaysmann institutida Isroilda ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanadigan vatandosh-olimlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.