Oʻzbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirligida uchrashuv oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 21 Iyul 2022 1206

    Janubiy Koreyada amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari bugun Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Cho Xyon Dong bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi alohida strategik sheriklikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, joriy yilda ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash doirasida qoʻshma tadbirlarni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

    Siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi muloqotning yuqori surʼatlarda oʻsib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, bu mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan har ikki tomonning manfaatdor ekanidan dalolat beradi

    Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil dekabr oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari boʻyicha erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni kompleks tarzda hayotga tadbiq etishning muhimligi eʼtirof etildi.

    Muloqot chogʻida bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida Koreya tomoniga batafsil maʼlumot berildi. Oʻz navbatida, Cho Xyon Dong mazkur islohotlar jarayoniga ijobiy baho berib, ularning mamlakat rivojidagi muhim ahamiyatini qayd etdi.

    Muzokaralarda oʻzaro savdo hajmining oshishi uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, “yashil” taraqqiyot, raqamlashtirish va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, ilmiy-texnikaviy almashinuv dasturlarini amalga oshirish, hududlar va tadbirkorlar oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish, kasbiy taʼlim yoʻnalishida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.