Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Qozogʻistonning Turkiston shahrida oʻtkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumida ishtirok etyapti.

Taʼkidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari qoʻshni davlatlar rahbarlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangani tufayli Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot faollashdi va oʻzaro ishonch mustahkamlandi.

Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari yoʻlga qoʻyilishi natijasida mintaqada ikki va koʻp tomonlama hamkorlik darajasi yangi bosqichga koʻtarildi. Mintaqa mamlakatlarining barcha sohalarda oʻzaro doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlari sifat va mazmun jihatidan yanada boyib bormoqda.

Xususan, parlamentlararo muloqotni kuchaytirish, mavjud har qanday toʻsiqlarni birgalikda bartaraf etish ustuvor yoʻnalishga aylangan. Forumning birinchi kuni Senat Raisi Markaziy Osiyo davlatlari parlament delegatsiyalari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.

Shundan soʻng delegatsiya aʼzolari Turkiston shahridagi tarixiy madaniy yodgorliklar bilan tanishdi, jumladan, Hazrat Xoʻja Ahmad Yassaviy mavzoleyini ziyorat qildi. Bugun Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumining asosiy yigʻilishi boʻlib oʻtadi.

Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi har tomonlama strategik hamkorlikni mustahkamlash va bu jarayonda parlamentlarning rolini faollashtirish kabi masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.