Oʻzbekiston delegatsiyasi Oʻzbekiston va Ozarbayjon tadbirkor ayollarining biznes-forumida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 30 Iyun 2022 1553

    Avval xabar berilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasida boʻlib turibdi.

    2022-yil 29-iyunda tashrif doirasida Oʻzbekiston va Ozarbayjon tadbirkor ayollarining birinchi biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Forumda mamlakatimiz iqtisodiyotining deyarli barcha tarmoqlari, xususan, sanoat, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, hunarmandchilik kabi sohalarni qamrab olgan Oʻzbekiston tadbirkor ayollari delegatsiyasi ishtirok etdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan har ikki mamlakat tadbirkor ayollari ikki mamlakatning turli sohalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va ularning salohiyatini yuksaltirish borasida tajriba almashish va dolzarb muammolarni muhokama qilish uchun qulay maydonga aylangan ushbu forumning ahamiyati va dolzarbligini taʼkidladi.

    Tadbir soʻngida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha komissiya huzuridagi Tadbirkor ayollar klubi hamda Ozarbayjonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uyushmasi oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

    Ikki mamlakat tadbirkor ayollari oʻrtasida “B2B” formatida oʻtkazilgan uchrashuvlar natijasida 54 million dollardan ortiq miqdorda 19 ta shartnoma va memorandumlar imzolandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.