Forumda bir qator davlatlar prezidentlari, xalqaro tashkilotlar, kompaniyalar, taraqqiyot banklari, jamgʻarmalar, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari qatnashdi.

Tadbir xalqaro munosabatlardagi zamonaviy tamoyillarga bagʻishlandi. Ishtirokchilar oʻz chiqishlarida iqlim oʻzgarishi, COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlari, tengsizlikning kuchayishi, shuningdek, global oqibatlarga olib keladigan yangi va uzoq davom etgan davlatlararo mojarolar kabi sohalarga eʼtibor qaratdilar.

Maʼlumot uchun: Parij tinchlik forumi 2018-yili Prezident Emmanuel Makron tashabbusi bilan joriy muammolarga aniq yechimlar va javoblarni aniqlash maqsadida global boshqaruv muammolari bilan shugʻullanuvchilar oʻrtasida yuqori darajadagi fikr almashish platformasi sifatida tashkil etilgan.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Fransiya poytaxtiga tashrifi doirasida Senat, Milliy assambleya, Tashqi ishlar vazirligi, Luvr muzeyi, Arab dunyosi instituti, “YESSEC” biznes maktabi va Parij Panteon Assas universitetida uchrashuvlar oʻtkazdi.