Safardan koʻzlangan maqsad Singapur taʼlim modelini chuqur oʻrganish, taʼlim sifatini oshirish jarayonida ushbu mamlakat tajribasini qoʻllash yuzasidan kelishuvga erishish, maktablarda Science va STEM fanlarini oʻqitish metodikalarini tahlil qilish, taʼlim boshqaruvi kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish dasturlarini ushbu mamlakat tajribasi asosida takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Tashrifning dastlabki kunida delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonning Singapurdagi elchisi Qahramon Shokirov hamrohligida Singapur taʼlim vazirligiga borishdi. Vakillarimizni vazirning xalqaro hamkorlik boʻyicha maslahatchisi doktor Lian Xui boshchiligidagi mutaxassislar kutib oldi.
Muhokamalar davomida vazirlikning loyihalashtirish boʻyicha mutaxassisi janob Kvan Qi Xangning Singapur taʼlim tizimi boʻyicha taqdimoti tinglandi.
Shuningdek, vazirlik vakillariga Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshligʻi Asliddin Odilov Oʻzbekiston taʼlim tizimi boʻyicha taqdimot qildi.
Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya aʼzolari Singapur davlat imtihonlari va baholash kengashida boʻldi. Ushbu tashkilot rahbari boshchiligidagi mutaxassislar kengash faoliyatiga oid taqdimot oʻtkazdi hamda tomonlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Shundan soʻng delegatsiya aʼzolariga imtihon javob varaqalarini tekshirishning elektronlashtirilgan tizimi va bevosita ekspertlar tomonidan tekshirish jarayoni tanishtirib oʻtildi, deyiladi inspeksiya axborot xizmati xabarida.