Uning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni Partqoʻmi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.
Forumda delegatsiyalar rahbarlari soʻzga chiqdi.
Soʻngi yillarda mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib, yaxshi munosabat va doʻstlikning yangi modeliga aylanib borayotgani, bunda ayniqsa, Davlatlar Rahbarlari oʻrtasidagi yaqin, samimiy va birodarlik munosabatlar muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Oʻz navbatida, bunday tadbirlar, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni chuqurlashtirish, oʻzaro hamkorlikning yangi qirralarini ochishga yordam berishi alohida qayd etildi.
Bugungi kunda xitoylik hamkorlar bilan energetika, kimyo, mashinasozlik, tekstil, qurilish materiallari, maishiy texnika, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalar samarali amalga oshirib kelinmoqda.
Soʻnggi yillarda Xitoydan Oʻzbekistonga jalb qilinayotgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmi besh barobar, qoʻshma korxonalar soni esa uch barobar oshdi.
“Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida mintaqa mamlakatlari uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan “Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishiga start berildi.
Ushbu loyihaning ishga tushirilishi natijasida Oʻzbekiston Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi yirik logistika xabi sifatida shakllanadi.
Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻz nutqida mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida 250 dan ortiq yirik tadbirkorlar, shuningdek, Andijon, Toshkent, Fargʻona, Sirdaryo, va Surxondaryo viloyatlari rahbarlari hamda vakillari ham Urumchiga tashrif buyurganini bildirib, qatnashchilar eʼtiborini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida mamlakatimizda investitsion muhitni yaxshilash va tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasiga qaratdi.
Taʼkidlanganidek, oʻtgan davrda yalpi ichki mahsulot hajmi 2 barobar koʻpayib, ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Kelgusi besh yilda ushbu koʻrsatkichni 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Soʻngi yillarda mamlakatimizda 70 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablagʻi ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.
Kelgusi 5-yilda “yashil” energiya manbalarining energetikadagi ulushini 50 foizdan oshirish koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston – mineral resurslar va muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakatdir.
Mamlakatimizda yiliga 25 million tonna yuqori sifatli meva-sabzavot yetishtirilmoqda. Yiliga 2,5 milliard dollarlik meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinmoqda.
Mamlakatimiz dunyodagi koʻplab davlatlar bilan imtiyozli savdo tizimiga ega ekani bildirildi.
Oʻzbekiston — Xitoy iqtisodiy forumi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari rahbarlari va vakillari “B2B” shaklda ham muzokaralar olib bordi.
Xitoyga tashrif doirasida Xitoyning “China General Nuclear Power”, “Sichuan Jiuzhou Investment Holding Group”, “Xinjiang Lihua Groupˮ, Xitoy Toʻqimachilik mahsulotlari importi va eksporti palatasi, “Shanghai Oriental Credits Industrial Development So., Ltd”, “Longze Investment Group Co., Ltd.”, “Watchman Group PTE. Ltd”, Pekin texnologiyalar universiteti, Elektrotexnika savdo palatasi, Xitoy Charm assotsiatsiyasi singari qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.