Jumladan, joriy yil 25-iyulda delegatsiya Portugaliyaning Alkanena shahrida bo‘lib o‘tgan Exposcao Tecnológica ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
Tadbir tashkilotchilari – Charm sanoati texnologik markazi va Portugaliya charmsanoat uyushmasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda savdoni rivojlantirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston eksport qilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish masalalari muhokama etildi.
Bundan tashqari, delegatsiya Portugaliyaning CTIC, Aquitex, CEPSA, Alidata, Mapril ION Exchange, VentilAQUA, Desotec va José maria & filhos kabi kompaniyalari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Charm korxonalarida foydalanilgan suvni tozalash va utilizatsiya qilish bo‘yicha yangi ishlab chiqarish texnologiyalari va jarayonlarini joriy etish bo‘yicha Portugaliya kompaniyalari tajribasidan O‘zbekistonda foydalanish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xorijiy tomondan o‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi mahsulotlarini Yevropa bozorlarida sotishga qiziqish bildirdi.
27-28-iyul kunlari Italiyada Confidustria Toscana Sud, Vittoria Makina, Pratica, Alpe S.P.A va boshqa bir qator kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning ishlab chiqarish salohiyati taqdim etildi, shuningdek, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, jumladan, nafaqat charm sanoatida, balki boshqa sohalarda ham Italiya brendlari ostida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Italiya korxonalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston korxonalarida charm chiqindilarini chuqur qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif natijasida Italiyaning Prato shahrida Peng Sheng Charm kompaniyasi bilan birgalikda savdo uyi ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Hozirda O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyada o‘z missiyasini davom ettiryapti, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.