O‘zbekiston diplomatlari Andhra Pradesh shtatida o‘tkazilgan xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdilar

    Mamlakatimiz elchixonasi xodimlari Andhra Pradesh xalqaro investitsiya sammiti («Andhra Pradesh Global Investors Summit 2023») hamda tadbir doirasida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada ishtirok etishdi.

    Tashkilotchilar maʼlumotlariga ko‘ra, tadbirda 300 ga yaqin mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi. 25 dan ortiq mamlakatdan 6 ming nafar ishtirokchi, shuningdek, qariyb 20 ming mehmon tashrif buyurdi.

    Anjumanda O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, istiqbolli investitsiya loyihalari to‘g‘risida maʼlumotlar taqdim etilgani barobarida hamkorlikning o‘zaro manfaatli ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘zlab berildi. Iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘shma loyihalarni hayotga tadbiq etishga chaqirildi. Hindiston kompaniyalari vakillari joriy yil aprel oyida o‘tkaziladigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga taklif qilindi.

    Hindistonlik tadbirkorlar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotning turli sohalarida erishilayotgan muvaffaqiyatlarni yuqori baholab, mamlakatimiz kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, hamkorlikni yana-da rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirishdi.

    Tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada hind kompaniyalari sanoatning turli yo‘nalishlarida erishayotgan innovatsion yutuqlar, zamonaviy asbob-uskuna va texnologiyalar bilan yaqindan tanishildi. «Tata Power Renewable Energy», «Energy India», «Arka Agro and Food Industry», «Pulsus Healthcare», «Swastic Pharmaceuticals» va «KCT Terminal» kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

    Maʼlumot o‘rnida: Andhra Pradesh Hindistonning janubiy-sharqiy qirg‘oq mintaqasida joylashgan. Tabiiy qazilmalarga boy ushbu hudud mamlakatning maydoni bo‘yicha to‘rtinchi, aholisi bo‘yicha beshinchi shtati hisoblanadi. 2021-2022 moliyaviy yilida yalpi hududiy mahsulot hajmi 155 milliard AQSH dollaridan ziyodni tashkil etgan. Shtatda avtomobilsozlik, elektronika, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, biotexnologiya, kon-metallurgiya sanoati, to‘qimachilik va charm, axborot texnologiyalari hamda iqtisodiyotning boshqa yetakchi yo‘nalishlarini qamrab olgan yirik korxonalar faoliyat yuritmoqda.