Varshavadagi diplomatiya korpusi va Polsha ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida oʻtkazilgan mazkur tadbirda xorijiy davlatlar elchilari hamda Polsha biznesining vakillari qatnashdi.

Unda Polshaning vazirlik va idoralari rahbarlari hamda ishbilarmonlar mamlakatda biznes yuritish imkoniyatlari va istiqbollari xususida taqdimotlar oʻtkazishdi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston diplomatlari Polsha taraqqiyot va texnologiyalar vaziri Valdemar Buda bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqot chogʻida Oʻzbekiston Polshaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng muhim, istiqbolli va uzoq muddatli hamkori ekanligi taʼkidlandi. Polsha tomoni savdo-iqtisodiy sohadagi oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirish, xususan, mamlakatimizga sarmoya va yangi texnologiyalarni jalb etishdan manfaatdor ekanligini maʼlum qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

— Hozirgi kunda ikki davlat uchun ham transport, energetika va AKT yoʻnalishlaridagi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi Valdemar Buda. — Shuningdek, Polsha va Oʻzbekiston oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadigan shartnomalarni ishlab chiqish ragʻbatlantiriladi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz vakillari “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi vitse-prezidenti Mixal Fiyol bilan ham suhbatda boʻldi. Mixal Fiyol muloqot chogʻida Varshava-Toshkent-Varshava yoʻnalishidagi charter havo qatnovlari joriy yil 10-martdan ochilayotganiga eʼtibor qaratdi. Uning aytishicha, bu masalaning ijobiy yechim topishida elchixona va Oʻzbekiston transport vazirligi bilan oʻtkazilgan muzokaralarning salmogʻi katta boʻldi.

— Polsha va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish va oʻzaro sayyohlar sonini oshirish maqsadida Varshava va Toshkent oʻrtasida muntazam havo qatnovlarini ham yoʻlga qoʻyishni rejalashtiryapmiz, — dedi u. — Kompaniyamiz Polsha fuqaro aviatsiyasi maʼmuriyatidan barcha kerakli ruxsatnomalarni olgan.