O‘zbekiston eksportchilarining mahsulotlarini Oqtov dengiz bandargohi orqali tashish imkoniyatlari muhokama qilindi

    O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsuli Otabek Tursinbekov «Oqtov dengiz tijorat porti» milliy kompaniyasi AJ boshqaruvining raisi Abay Turikpenbayev bilan uchrashdi.

    Muloqot chog‘ida «Oqtov dengiz tijorat porti»ning hozirgi kundagi holati, uning texnik imkoniyatlari, shu bilan birga, o‘zbek eksportchilari mahsulotlarini ushbu bandargoh orqali yetkazish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

    Abay Turikpenbayev bandargoh imkoniyatlarini har tomonlama oshirib borilayotganligi, shu jumladan, mahsulotlarni tranzit va konteynerli tashish orqali diversifikatsiya qilish vositasida Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishiniing bir qismiga aylanayotganini maʼlum qildi.

    «Port imkoniyatlarining kengayishi istiqbolda O‘zbekiston tadbirkorlarining Yevropa bozorlariga chiqishida muqobil yo‘l bo‘lishi mumkin, dedi u. Ayni paytda o‘zbekistonlik eksportchilarning murojaatlarini qabul qilishga hamda ularga alohida imtiyoz asosida xizmat ko‘rsatishga tayyormiz».