Oʻzbekiston elchisi Estoniya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

    Oʻzbekistonning Estoniyaga yangi tayinlangan elchisi Timur Rahmonov 16-aprel kuni ushbu davlat Prezidenti Alar Karisga ishonch yorliqlarini topshirdi.

    “Dunyo“ AAning xabar berishicha, rasmiy tadbirdan soʻng oʻtkazilgan muloqot chogʻida Estoniya Prezidenti Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar rivojlanib borayotganini yuksak baholadi va ushbu yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.

    Shuningdek, Estoniya yetakchisi Oʻzbekistonning mintaqadagi yetakchi davlatga aylanganini alohida taʼkidladi. Xususan, u Oʻzbekiston yetakchisining mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, jumladan, koʻp yillar davomida mojarolarga sabab boʻlib kelgan chegara masalalarini ijobiy hal etishdagi katta hissasini alohida urgʻuladi.

    Prezident Alar Karis davlatimiz rahbari rahnamoligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni eston tomoni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini tasdiqladi.