Oʻzbekiston elchisi Finlyandiya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

    Xalqaro hamkorlik 4 Aprel 2025 1199

    Oʻzbekistonning Finlyandiyaga yangi tayinlangan elchisi Temur Rahmonov ushbu mamlakat Prezidenti Aleksandr Stubbga ishonch yorliqlarini topshirdi.

    “Dunyo” AAning xabar berishicha, rasmiy tadbirdan soʻng oʻtkazilgan muloqot chogʻida Oʻzbekiston hamda Finlyandiya oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

    Prezident Aleksandr Stubb Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni fin tomoni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini va ushbu yoʻnalishda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

    Finlyandiya yetakchisi, shuningdek, rasmiy Xelsinki va Toshkent oʻrtasidagi siyosiy muloqot hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanib borayotganini yuqori baholab, Oʻzbekistonning mintaqadagi muhim oʻrnini qayd etdi va mamlakatimiz bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishdan manfaatdorligini tasdiqladi.