“Dunyo” AAning xabar berishicha, Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida tezkor chora-tadbirlar koʻrdi. Maʼlum boʻlishicha, oʻzbekistonlik uch nafar ayol 2021-yil oktyabr oyida Hindiston-Nepal chegarasining Bihar shtatidagi hududidan noqonuniy tarzda oʻtayotganda qoʻlga olingan.
Arariya shahridagi birinchi instansiya sudi 2022-yil avgust oyida Oʻzbekiston fuqarolarini mamlakat hududidan chiqarib yuborish (deportatsiya qilish) toʻgʻrisida chiqargan qaroriga qaramasdan turli byurokratik toʻsiqlar va yurisdiksiyaning murakkabligi sababli ular haligacha ushlab turilgani aniqlandi.
Afsus bilan qayd etish joizki, fuqarolarimiz yoki ularning yaqinlari tomonidan oʻz vaqtida ushbu masala yuzasidan tezkor konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha murojaat qilinmagan.
Elchixona tomonidan Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va Bihar shtatining tegishli idoralari bilan mazkur holat yuzasidan rasmiy muloqotlar oʻtkazilmoqda. Vaziyat nazoratga olindi va fuqarolarimizni Vatanga qaytarish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda.
Diplomatik missiya vatandoshlarimizni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolgʻon vaʼdalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda boʻlib turish chogʻida mahalliy qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishga chaqiradi.