“Rossiya Fan va oliy taʼlim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan chet ellik talabalarning ushbu mamlakatga kirib kelish tartibiga koʻra, faqat Rospotrebnadzor tomonidan xavfsiz epidemiologik vaziyatga erishgan mamlakat sifatida tavsiya etilgan davlatlar fuqarolari Rossiyaga taʼlim olish maqsadida kirishi mumkin”, deyiladi elchixona maʼlumotida. Ushbu roʻyxatga Oʻzbekiston kiritilmagan.

Elchixona xabarida taʼkidlanishicha, talabalar, aspirantlar, ordinatorlar, tayyorlov kurslari tinglovchilari boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari uchun Rossiyaga kirishga ruxsat etilgach, bu haqda qoʻshimcha maʼlum qilinadi.

Qoʻshimcha savollar boʻyicha Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy taʼlim vazirligining +7 (495) 198-00-00 telefon raqami yoki scminobr@mail.ru elektron pochtasiga murojaat qilish mumkin.

Elchixona Rossiya taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan Oʻzbekiston fuqarolari hozircha ushbu mamlakatga kirish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar toifasiga kirmasligini yana bir karra maʼlum qiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Diplomatik vakolatxonaga koʻra, oʻtgan yil oxirida eʼlon qilingan statistik maʼlumotlarga qaraganda, Rossiya taʼlim muassasalarida Oʻzbekistonning 35 mingga yaqin fuqarosi tahsil oladi. Ayni paytda ularning 7 mingga yaqini Rossiyaga kira olmayapti.