Oʻzbekiston elchixonasiga qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari taqdim etildi

    Energetika 19 Dekabr 2021 750

    Energetika vazirligida Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Ishtirokchilar xalqaro kompaniyalarning qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari tenderlarida ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

    Xususan, Oʻzbekiston Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari Azim Axmedxadjayev yaqin vaqt ichida Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlarida umumiy quvvati 400 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalarini (QFES) qurish boʻyicha tender eʼlon qilinishini taʼkidladi. Tender Osiyo taraqqiyot bankining maslahat koʻmagida “ADB SOLAR-2” loyihasi doirasida oʻtkaziladi.

    2022-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YETTB) maslahat koʻmagida “Karatau wind-2” loyihasi doirasida Oʻzbekiston Energetika vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasida 200 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini (SHES) qurish boʻyicha tender eʼlon qilishni rejalashtiryapti.

    Tender savdolari ikki bosqichdan iborat: manfaatdor potensial investorlarning malakasini aniqlash (RfQ) boʻyicha soʻrov (1-bosqich) va tenderning 1-bosqichidan oʻtgan ishtirokchilar tomonidan raqobatbardosh (narx) takliflar (RfP) taqdim etish (2-bosqich).

    Xususan, hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Respublikasining Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish loyihasi doirasida tender oʻtkazilyapti. Mazkur tenderning birinchi bosqichi (RfQ) 2021-yilning 31-avgustidan 30-noyabriga qadar boʻlib oʻtdi. Ayni paytda malaka olish uchun ariza topshirgan 15 ta kompaniya boʻyicha hujjatlar baholanyapti. Ushbu tender Energetika vazirligi tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi maslahat koʻmagida “Scaling Solar 3” loyihasi doirasida oʻtkazilyapti.

    Uchrashuvda Energetika vazirligi mutaxassislari Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining savollariga javob berib, mamlakatimizda soʻnggi 3-4 yil davomida faol amalga oshirilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqarish loyihalarida turli mamlakatlar kompaniyalari ishtirokini yanada kengaytirish boʻyicha oʻz fikr va takliflarini bildirdilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.