Gʻ.Xonnazarov, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri:

– Oʻzbekiston-Latviya munosabatlarining bugungi holatini qanday baholaysiz?

Abdulaziz Kamilov: Bu yil mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil toʻladi. Oʻtgan vaqt mobaynida munosabatlarimizni hatto rasmiy hujjatlar imzolamay turib ham strategik sheriklik darajasiga olib chiqish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratildi. Eng muhim xalqaro hamda mintaqaviy masalalarda qarashlarimiz va yondashuvlarimiz mushtarak. Ikki tomonlama kun tartibida siyosiy muammolarga ega boʻlmagan holda, asosiy eʼtiborni savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy aloqalarimizni, madaniyat va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratishimiz zarur, degan yakdil fikrdamiz. Eng muhimi, muzokaralar chogʻida biz oʻzaro hamkorligimizda pandemiya va boshqa turli sabablarga koʻra yuz bergan tanaffuslar tufayli boy berilgan imkoniyatlarimiz oʻrnini toʻldirishga kelishib oldik.

Eʼtiborlisi, bundan sakkiz yil avval Latviya Tashqi ishlar vaziri mamlakatimizga tashrif buyurgan edi. Bugungi uchrashuvda u oʻz xotiralari bilan oʻrtoqlashar ekan, Oʻzbekistonga bu galgi tashrifi taassurotlarini qiyoslab, yurtimiz butunlay boshqa davlatga aylanganini aytdi.

Bugun Yangi Oʻzbekiston Yangi Taraqqiyot strategiyasi bilan barpo etilmoqda. Oʻzbekiston taraqqiyotining ushbu muhim bosqichida biz latviyalik doʻstlarimizning koʻmagini yuksak qadrlaymiz.

Oʻzaro munosabatlarimiz va joriy kun tartibini takomillashtirishning yangi jihatlariga kelsak, biz oʻzaro aloqalarni Yevropa Ittifoqi doirasida davom ettiramiz va hamkorlikni rivojlantiramiz. Biz Latviya TIV rahbarining Yevropa Ittifoqidagi barcha hamkasblarini Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashga undayotganini yuksak qadrlaymiz.

Bir soʻz bilan aytganda, munosabatlarimiz jadal rivojlanish bosqichida. Ishonchimiz komilki, kelajakda bundanda katta yutuqlarga erishamiz.

 

Valeriy Biryukov, TASS axborot agentligi muxbiri (Rossiya):

– Hurmatli Abdulaziz Hafizovich, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, bu davlatga gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy yordam koʻrsatish borasida Oʻzbekiston va Latviya oʻrtasidagi munosabatlarning istiqbollari haqida batafsil aytib oʻtsangiz.

Abdulaziz Kamilov: Bu kutilgan savol edi, chunki bugun mintaqadagi mavjud voqelikni hisobga olgan holda hamma Afgʻonistondagi vaziyatni muhokama qilmoqda.

Darhaqiqat, biz Latviya tashqi ishlar vaziri bilan Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdik. Albatta, Latviya NATO va Yevropa Ittifoqi doirasida Afgʻoniston bilan bogʻliq muayyan majburiyatlarga ega. Biroq oʻtgan yillar shuni koʻrsatdiki, hatto ushbu majburiyatlar doirasida ham Latviya har doim oqilona, amaliy, puxta oʻylangan, turli mafkuralardan xoli yondashuvni namoyon etib kelmoqda. Shu bois latviyalik doʻstlarimiz bilan bu masalada muloqot qilish biz uchun doim yoqimli va foydali boʻlib kelgan. Boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida ham biz Latviya delegatsiyasiga Afgʻoniston masalasida Oʻzbekiston pozitsiyasi va yondashuvlari haqida maʼlumot berdik.

Bugun Afgʻonistonda mutlaqo yangi voqelik shakllangani haqiqat. Albatta, ushbu davlat muvaqqat hukumatini tan olish yoki tan olmaslik borasida turlicha yondashuvlar mavjud. Hukumatni tan olish masalasi – ikki tomonlama harakatlar evazigagina amalga oshishi mumkin. Yaʼni, oldinga siljish kerak: muvaqqat hukumat oʻz vaʼdalarini bajarishi shart (va ular juda koʻp). Bular xalqaro hamjamiyat qoʻyayotgan deyarli oʻsha shart va talablardir.

Boshqa tomondan esa xalqaro hamjamiyat Afgʻonistonda amalga oshirilayotgan har qanday ijobiy qadam va oʻzgarishlarni ragʻbatlantirishi kerak. Bu hukumat bilan ishlash, muloqot qilish, taʼsir oʻtkazish, xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari va shartlari haqida maʼlumot berish kerak. Shu tariqa qarashlarni yaqinlashtirish, oʻzgarishlarni yaxshi tomonga burish mumkin.

Oʻzbekiston eng ogʻir davrlarda ham Afgʻoniston vakillari bilan aloqalarni toʻxtatmadi. Bugun esa savdo-iqtisodiy hamkorlikni davom ettirmoqdamiz. Gap energetika va transport kommunikatsiyalari sohasida ham jiddiy loyihalarni amalga oshirish haqida bormoqda.

Tashqi ishlar vaziri timsolida Latviya tomoni ham, Yevropa Ittifoqi rahbariyati, jumladan, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Jozep Borrel ham yakdil fikr bildirmoqda, yaʼni bugungi kundagi asosiy vazifa – Afgʻonistonda gumanitar halokatning oldini olishdir. Vaziyatning keskinlashishi jamiyatda radikallashuv, turli guruhlar oʻrtasida toʻqnashuvlar, ektremizm kuchlarining kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Oʻzbekiston va Latviyaning Afgʻoniston masalasidagi umumiy manfaatlari xalqaro hamjamiyat manfaatlari bilan hamohangdir. Bu esa, ayni paytda qanchalik gʻayritabiiy tuyulmasin, Afgʻoniston muvaqqat hukumati pozitsiyasiga ham mos keladi. Ushbu hukumat mamlakatni terrorchilardan tozalash uchun koʻplab choralarni amalga oshirmoqda. Ular mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy hamjamiyatga integratsiyalashish istagini bildirmoqdalar. Biz ushbu saʼy-harakatlarni ragʻbatlantirishimiz va qoʻllab-quvvatlashimiz lozim. Shu bilan birga, oʻz shartlarimizga amal qilinishi, zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik, terrorizmning bartaraf etilishi, Afgʻoniston xalqi uchun munosib yashash shart-sharoitlari yaratilishini talab qilishimiz zarur.

Gumanitar falokatning oldini olish borasidagi ishlarning muhim jihatlaridan biri Oʻzbekiston tomonidan tashkiliy-texnik yordam koʻrsatilayotganidir. Oʻzbekiston rahbariyati tashabbusi bilan chegara hududi infratuzilma imkoniyatlaridan foydalangan holda Afgʻonistonga insonparvarlik yuklarini tashkillashtirilgan ravishda yetkazib berish uchun Termiz shahrida koʻp funksiyali xalqaro transport xabi allaqachon tashkil etildi. Ushbu markazni taʼsis etish tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlagani uchun Latviya tomoniga minnatdorlik bildiramiz.

Afgʻoniston boʻyicha yetarli tajribaga ega boʻlgan Latviya saʼy-harakatlarimizni muvofiqlashtirish maqsadida Afgʻoniston masalasi boʻyicha Oʻzbekiston bilan muntazam maslahatlashuvlar oʻtkazish istagini bildirdi. Chunki Afgʻoniston bilan bogʻliq koʻplab masalalarda yondashuvlarimiz mushtarakdir.

Eʼtiboringiz uchun tashakkur.