Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati maʼlum qildi.
Yuborilgan insonparvarlik yuki tarkibiga oziq-ovqat mahsulotlari — un, guruch, shakar, makaron, kungaboqar yogʻi va turli konservalar, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy buyumlar kiritilgan.
Mazkur yuk Eron tomoniga yetkazilib, uni qabul qilish jarayonida Daregaz shahri hokimi Mujtabo Bazmara, Eron Tashqi ishlar vazirligining Xuroson Razaviy viloyatidagi idorasi rahbari, vazir maslahatchisi Ali Masumifar hamda Eronning Turkmanistondagi elchisi Ali Mujtabo Ruzbexani ishtirok etdi.
Tadbir davomida eronlik rasmiylar koʻrsatilgan insonparvarlik yordami va yuksak eʼtibor uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, mazkur tashabbus ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik, hamjihatlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash anʼanalarining yorqin ifodasi ekani taʼkidlandi.