Unda Oliy Majlis Senati, BMT taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH mintaqaviy byurosi, Yetakchi ayollar muloqoti platformasi aʼzolari, vazirlik va idoralar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Marosimni Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva kirish soʻzida xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini oshirish, yetakchilik koʻnikmalarini rivojlantiruvchi, rahbar ayollar safini kengaytiruvchi hamda gender strategiyasi doirasidagi islohotlar boʻyicha erkaklar va ayollarning xabardorligini oshiruvchi, sohada jamoatchilik muhokamalarini oʻtkazib boruvchi, yurtimizning har bir hududida turli sohalarida mehnat qilayotgan faol xotin-qizlardan iborat Oʻzbekiston yetakchi ayollar muloqoti platformasining tashkil etilganligiga toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston yetakchi ayollar muloqoti platformasining asosiy maqsadi xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini oshirish, rahbar ayollar safini yanada kengaytirish, ularning yetakchilik koʻnikmalarini rivojlantirish hamda yosh qizlarni rahbarlikka tayyorlash, gender tenglik muammolarini bartaraf etishga xizmat qiladi. Respublikamizning 14 ta hududidagi turli sohalarda faoliyat koʻrsatuvchi faol ayollarni birlashtiradi.

Shuningdek, platforma faoliyati har bir hududdagi xotin-qizlarning tadbirkorlik, ilm-fan, axborot texnologiyalari, media, sport va madaniyat kabi sohalardagi asosiy muammolarini aniqlab, imkoniyati cheklangan yetakchi xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, gender tengsizlikni keltirib chiqaradigan gender stereotiplari va nooʻrin ijtimoiy meʼyorlarga chek qoʻyilishiga yordam beradi.

Soʻzga chiqqanlar tomonidan platformani ishlatish va undan samarali foydalanish hamda kelgusida uni yanada takomillashtirib borish yuzasidan maʼlumotlar berilib, platforma taqdimot qilindi.

Tadbir davomida xotin-qizlarni yangicha yondashuvi, gʻoya va tashabbuslar bilan chiqishlariga koʻmak berish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar, siyosiy jarayonlarda ularning faol ishtirokini taʼminlash, mazkur jarayonlarda yetakchi faol ayollarning oʻrni va roli masalalari boʻyicha fikr-mulohazalar almashildi.

Tadbir soʻnggida platformaning kelgusida amalga oshiriladigan ish rejasi qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.