Jonajon Oʻzbekistonimizning betakror tabiati, uning boy oʻsimlik va hayvonot olami, goʻzal bogʻ va xiyobonlari milliy boyligimizning ajralmas qismi hisoblanadi. Bu neʼmatlarni ajdodlarimiz bir necha yuz yillar asrab-avaylab, kelgusi avlodlar uchun ulkan meros qilib qoldirgan.
Ajdodlarimiz oʻz yurtini, yashagan manzil-makonini obod qilish, bogʻu boʻstonlar yaratishga katta eʼtibor qaratgan. Amir Temur bobomiz bunyod etgan, Alisher Navoiy bobomiz tashabbusi bilan yaratilgan bogʻu rogʻlar, Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan barpo etilgan “Bogʻi Bobur” hali-hamon tillardan tushmaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi ham ana shu ezgu anʼanalar davomi boʻlib, mamlakatimizda yangi Oʻzbekiston davlatini barpo etish yoʻlidagi intilish va islohotlarimizning goʻzal timsoliga aylandi. Bogʻ markaziy qismidagi Mustaqillik monumenti xalqimizning tarixiy xotirasi, orzu-umidlari bilan hamohang muhtasham badiiy obida sifatida barchamiz uchun qadrlidir.
Bu goʻzal bogʻning salobatiga qarab, Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonimning “Bu bogʻlar bir bogʻlar boʻladi hali...”, degan satri yodimizga tushadi. Haqiqatan ham, ushbu bogʻda poytaxtimiz aholisi, mamlakatimiz shahar va qishloqlaridan, xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, odamlarimiz oilasi, farzand va nabiralari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Hademay bu maskandagi nihollar koʻkka boʻy choʻzib, soʻlim xiyobon tusiga kiradi. Mamlakatimizning turli hududlarida barpo etilayotgan yangi bogʻ va xiyobonlar uchun namuna boʻlib xizmat qiladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Dono xalqimizda “Umringdan bir kun qolsa ham koʻchat ek”, degan purhikmat naql bor. Ota-bobolarimizdan meros milliy qadriyat va anʼanalarimizning ajralmas qismi boʻlmish daraxt ekish, bogʻu gulzorlar yaratish borasidagi goʻzal odatlarimiz bugungi kunda yangi maʼno-mazmun bilan boyib, keng miqyosda davom etmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasiga asos solindi. Mazkur xalq harakati natijasida har yili millionlab tup daraxt nihollari ekilmoqda, yangi oʻrmon va bogʻlar yaratilmoqda. Yashil oʻrmon va daraxtzorlar, bogʻu rogʻlar atrof-muhitni musaffo saqlash, ekologik tizimni va iqlimni barqarorlashtirish, tuproq va havoni tozalashda hal qiluvchi omil hisoblanadi. Bir soʻz bilan aytganda, yashillik olami — bu toza havo, sogʻlom hayot, uzoq umr demakdir.
Shuning uchun har birimiz bugungi va kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyat va javobgarligimizni chuqur his qilib, “Yashil makon” loyihasi atrofida yanada jips boʻlib birlashaylik!
Xonadonlarimiz, tomorqalar, mahallalarimiz, koʻp qavatli uylarimiz atrofiga terak, tut, uzum kabi yurtimiz iqlim sharoitiga mos daraxtlar ekib, ularni avaylab, parvarishlab bogʻ-rogʻlarni koʻpaytiraylik!
Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi joriy yilda boʻlib oʻtgan muhim siyosiy tadbirlar — yangilangan Konstitutsiyamiz boʻyicha umumxalq referendumi hamda Prezident saylovida yuksak faollik, daxldorlik, ahillik va hamjihatlik fazilatlarini koʻrsatdi. Vatan va xalq manfaati yoʻlida qanday qudratli kuchga aylanishi mumkinligini butun dunyoga namoyon etdi.
Barchamiz uchun muqaddas beshik boʻlgan ona Vatanimizning betakror tabiati, noyob oʻsimlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish, uni avlodlarimizga bezavol yetkazishda ham ana shunday xislatlarimizni, buyuk bunyodkorlik salohiyatimizni amalda namoyon etaylik!
Yerga nihol ekish, parvarishlab yangi bogʻlarga aylanishi uchun eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishda shaxsiy namuna koʻrsatib, tashabbuskor boʻlaylik!
Butun dunyoda iqlim oʻzgarishlari roʻy berib, global isishning salbiy taʼsiri tobora kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda ona tabiatga bepisand munosabatda boʻlish, unga zarar yetkazish holatlariga murosasiz boʻlaylik!
Odamlarimizga asrlar davomida oʻz isbotini topib kelgan “Nimani xor qilsang, oʻshanga zor boʻlasan”, degan hayot haqiqatining tub mohiyatini, tabiatga xiyonat Vatanga xiyonat bilan barobar gunoh ekanini tushuntiraylik!
Nega deganda, oramizda daraxtlarni shafqatsizlarcha kesib, pullayotgan kimsalar borligi yaxshi ayon. Oʻzi umrida bitta ham nihol ekmasdan, daraxtlarga bolta urayotgan, daraxt kesishni kasbga aylantirib olgan soxta tadbirkorlar, maʼnaviy qashshoq kimsalarga qarshi hammamiz birgalikda kurashaylik!
Mamlakatimizning ayrim joylarida “Yashil makon” loyihasiga befarqlik bilan qaralayotgani oqibatida katta mablagʻ, moddiy va mehnat resurslari hisobiga ekilgan koʻchatlar qurib qolayotgan, daraxtzorlar payhon qilinayotgan holatlar ham, afsuski, tez-tez uchramoqda.
Aziz nuroniylar, dono otaxon va oqila onaxonlar!
Bu borada avvalambor siz, azizlarga murojaat qilayotganimiz, albatta, bejiz emas. Yangi Oʻzbekistonimizda tarixiy oʻzgarish va islohotlar, ezgu gʻoya va tashabbuslarni roʻyobga chiqarish jarayonida sizlar hamisha faol boʻlib, qimmatli fikr va mulohazangiz, dono maslahatingiz, amaliy harakatlaringiz bilan munosib hissa qoʻshib kelmoqdasiz. Boy hayotiy tajribangiz, duo va tilaklaringiz hamisha xalqimiz uchun katta tayanch va suyanch boʻlib keladi.
Bugungi kunda ona tabiatga munosabat, “Yashil makon” loyihasidan koʻzlangan maqsad-muddao haqida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida suhbatlar qurib, uning mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlarida faol, farzand va nabiralarimiz uchun qulay tabiiy muhit yaratishda bosh-qosh boʻlish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Ota-bobolarimizdan meros anʼana – oilada yangi farzand dunyoga kelganida unga atab, albatta, daraxt ekishni qayta tiklab, hayotimiz qoidasiga aylantirsak, ayni muddao boʻladi. Nikohdan oʻtayotgan yoshlarimiz mana shunday baxtli onlardan esdalik sifatida yaxshi niyat bilan yerga nihol eksa, anʼanalarimiz yana bir goʻzal odat bilan boyigan boʻlar edi. Kelin-kuyovlarimiz ekkan nihollarning ildizi yerga chuqur oʻrnashib, ulgʻayib, ulkan daraxtga aylanib meva berganidek, yoshlarimizning oilasi ham, albatta, mustahkam, barakali, tinch-totuv boʻladi.
Piru badavlat otaxon-onaxonlar, faxriylar, ziyolilar va azmu shijoatli yoshlarimiz birgalikda mahallalardagi boʻsh yerlar, dala chetlari, ariq va zovurlar boʻylariga terak koʻchatlari va qalamchalari ekishni tashkillashtiraylik!
Bir tup niholdan 8 tadan 12 tagacha qalamcha olish mumkin. Bu qalamchalarni sifatli ekib, parvarishlasak, kuzgacha har biri koʻchatga aylanadi. Oddiy qalamchadan koʻchat va yogʻoch yetishtirish toza havo, yaxshigina daromad manbai ekanini unutmaylik!
“Bir nuroniy — oʻn nafar yoshga masʼul”, “Ustoz va shogird” tamoyillari asosida farzand va nabiralarimiz, mahallalar yoshlarini yonimizga olib, hovlilar, koʻp qavatli uylar, shifoxonalar, ishlab chiqarish korxonalari, taʼlim-tarbiya muassasalari atrofiga daraxt va gullar ekishni yoʻlga qoʻyish muhim vazifamiz hisoblanadi.
“Nuroniy” jamgʻarmasi bu borada Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Sogʻliqni saqlash, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklari hamda boshqa tegishli idoralar, davlat va jamoat tashkilotlarini hamkorlikka chaqiradi.
Aziz ota-onalar!
Xalqimizda “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, degan gap bejiz aytilmagan. Chinakam insoniy tuygʻular, avvalo, oila bagʻrida kamol topadi. Farzandlarimiz qalbida ona tabiatga mehr uygʻotish, atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatda boʻlish tuygʻularini tarbiyalashda oilaning oʻrni va taʼsiri hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Bobosi va otasi bilan birga daraxt ekkan, parvarish qilishda ishtirok etgan bolaning ongu tafakkuri oʻzgacha boʻladi. Ona yurtga mehr va sadoqat ruhida kamol topadi. Oʻzi ekkan nihol unib-oʻsayotganini koʻrgan bolaning qalbidagi orzu-maqsadlari ham yuksak boʻladi. Shuning uchun daraxt ekayotganda, nihollarni parvarishlayotganda farzandlarimizni yonimizga olib, ularga tuproq bilan tillashishni, nihol ekib, undirishni oʻrgataylik! Parvarishlagan niholi Vatanimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshishini anglataylik!
Muhtaram mahalla faollari!
Bugungi kunda ham ayrim mahallalarda, koʻcha va guzarlarda qarovsiz yotgan yerlar, qurib-qovjirab qolgan daraxtlarni koʻramiz. Bu bizga umuman yarashmaydigan holat. Mahallalarimiz qiyofasi faoliyatimiz natijasini koʻrsatadigan omillardan biri ekanini unutishga haqqimiz yoʻq.
Shu bois, bu yoʻnalishdagi faoliyatimizni tanqidiy koʻrib chiqib, ishni tizimli asosda yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrishimiz lozim. Mahallalarimiz hududini obod qilish, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish kabi savobli ishlar hamisha eʼtiborimiz markazida turishi zarur.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Obod xonadon” dasturini amalga oshirishda jonbozlik koʻrsatib, yurtimizda har jihatdan obod xonadonlarni koʻpaytirish, ularni boshqalarga oʻrnak qilib koʻrsatish boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlarini kuchaytirishimiz lozim.
Hurmatli usta bogʻbon va mirishkor fermerlar!
Bozor va dasturxonlarimiz toʻkinligi sizlarning zahmatli mehnatingiz natijasidir. Ona tabiatimizni asrash, yurtimizda mevali va manzarali bogʻlar, yashil hududlarni kengaytirishda siz, azizlarning bilim va tajribangiz nihoyatda muhimdir.
Shunday ekan, dala chetlariga tut va uzum koʻchatlarini ekish tajribasini keng ommalashtiraylik. Tutzorlar yerni eroziyadan, ekinlarni turli tabiiy ofatlardan himoya qilish bilan birga ipakchilik sanoati rivojining bosh omilidir. Uzum va uning mayizi dasturxonlarimiz koʻrki va eksport salohiyatini oshirishda muhim oʻrin tutadi. Tut va uzum moʻl hosil va katta daromad manbaidir. Shunday ekan, dala chetlariga tut va uzum koʻchatlari toʻliq ekilishiga erishaylik!
Aziz yoshlar!
Jonajon Oʻzbekistonimiz, uning yerosti va yerusti boyliklari, oʻsimlik dunyosi, yashil oʻrmon va bogʻlari hammasi sizniki! Bunday saxovatli zaminni himoya qilish, asrab-avaylash sizning burchingiz. Shunday ekan, ona zaminimizga mehringizni bering. Tabiatimizga nisbatan adolatsiz munosabatdan xulosa chiqaring, bunday xatolarni takrorlamang. Oʻzingizdan keyingi nurli kelajak uchun bugundan boshlab bogʻ yarating!
Qadrli vatandoshlar!
Shu kunlarda Prezidentimizning joriy yil 27-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun” shiori ostida mustaqillik bayramiga katta tayyorgarlik koʻrmoqdamiz. Shu munosabat bilan har bir oila “Mustaqillikning 32 yilligiga 32 tup daraxt” shiori ostida xonadonlarimiz, mahalla guzarlari, yoʻl boʻylariga mevali va manzarali daraxtlar ekaylik!
Shuningdek, 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni, 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni, 21-mart — Navroʻz umummilliy bayramlari munosabati bilan ustozlarimiz, onalarimiz, buvilarimiz, otalarimiz, yaqinlarimiz, oʻgʻil-qizlarimizga atab har bir hududning iqlim sharoitiga mos terak, tut, uzum, manzarali va mevali nihollar ekib, parvarishlashni anʼanaga aylantiraylik. Yerga qadalgan har bir nihol orzu-umidlarimiz roʻyobidek ulgʻaysin! Xalqimiz aytganidek, har birimizdan yaxshi bogʻ qolsin!
Bu ezgu ishlarimizda Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin!