“Oʻzbekiston florasi” toʻplamining yangi nashrlari tayyorlandi va chop etildi

    Fan 3 Iyun 2021 6814

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Mohira Jumanova maʼlum qildi.

    Mamlakatimizda tabiat muhofazasi, ekologik barqarorlik va bioxilma-xillikni saqlash, qayta tiklashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi brifing Fanlar akademiyasi tomonidan respublikamiz flora va faunasi xilma-xilligini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlariga bagʻishlanadi.

    Fanlar akademiyasi Botanika institutidagi Oʻzbekiston Milliy gerbariysi Markaziy Osiyodagi eng yirik botanik kolleksiya. Dunyoning 4 mingga yaqin gerbariylari orasida 30 talik tarkibiga kiruvchi noyob ilmiy obyekt sanaladi.

    1830-1835-yillardan boshlab toʻplangan bu Gerbariy hozirgi kunga kelib 1.5 mln. dan ortiq namunalarni oʻz ichiga olgan va Osiyo mintaqasidagi yirik 4 ta gerbariylar qatoriga kiradi.

    Oʻzbekiston hududidan terilgan dastlabki namunalar 1900-1905-yillarga toʻgʻri keladi. Bugungi kunda esa Milliy gerbariyning asosiy qismini mamlakatimiz hududidan toʻplangan gerbariy namunalari tashkil etadi.

    Gerbariyning Tiplar kolleksiyasi 3000 dan ortiq namunalarni oʻz ichiga oladi va ular fan uchun yangi deb topilgan oʻsimlik turlarining ilk namunalari, yaʼni, shu oʻsimlik turining “pasporti” hisoblanadi. Hozirda Tip namunalari kolleksiyasi toʻliq raqamli formatga oʻtkazilgan.

    Oʻzbekiston Milliy gerbariysi mamlakatimizdagi botanik tadqiqotlarning asosi boʻlib oʻsimliklar sistematikasi va geografiyasi, qoplami, resursshunoslik borasida olib boriladigan barcha tadqiqotlar aynan gerbariy fondiga tayanadi. Bundan tashqari, botanika faniga yondosh boʻlgan bir qator fan yoʻnalishlari, jumladan, biokimyo, farmatsevtika, genetika borasidagi tadqiqotlarda ham gerbariy kolleksiyasining oʻrni ortib bormoqda.

    Ayni paytda Oʻzbekiston milliy gerbariysidan keng foydalangan holda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan:

    “Oʻzbekiston florasi” toʻplamining yangi nashrlari tayyorlandi va chop etildi. “Oʻzbekiston florasi” toʻplamining ilk nashrlari 1941-1963-yillarda chop etilgan va oʻz ichiga 3663 turni qamrab olgan. Hozirgi paytda floramiz tarkibidagi turlar xilma-xilligi 4 yarim mingga yaqin ekanligi yangi “Oʻzbekiston florasi” toʻplami ishlab chiqilishiga turtki boʻldi.

    2016-2019-yillarda Oʻzbekiston florasining 3 ta nashri chop etilib keyingi 2 ta jildi nashrga tayyorlandi. Ushbu loyiha koʻlami va davomiyligiga koʻra MDH davlatlarida yagona boʻlib, uning bajarilishiga oʻzbekistonlik olimlardan tashqari Finlyandiya, Rossiya, Qirgʻiziston, Janubiy Koreya, Germaniya mamlakatlaridan ham olimlar jalb etilgan.

    Oʻzbekiston florasini toʻr tizimli xaritalash. Oʻzbekiston Milliy gerbariysi asosida bajarilayotgan navbatdagi loyiha mamlakat milliy florasi turlarini toʻr tizimli xaritalashga bagʻishlangan. Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida keng qoʻllaniladigan bu tadqiqot yoʻnalishi Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib Fanlar akademiyasi Botanika institutida amalga oshirilmoqda.

    Bu loyihaning mohiyati shundan iboratki, tadqiqot hududi 5x5, 2x2 yoki 10x10 km maydonlardan iborat boʻlgan kvadratlarga boʻlinadi va flora tarkibi hamda gerbariy namunalari zichligi shu kvadratlar boʻyicha alohida hisoblanadi. Bunday uslubning ishlatilishi tanlab olingan hudud boʻyicha maksimal darajadagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek, vaqt oraligʻidagi dinamik oʻzgarishlarni baholash, bashorat qilish imkoniyatini beradi.

    2018-yilda boshlangan bu tadqiqotlar Zarafshon tizmasining gʻarbiy tarmoqlarida dastlabki sinovdan oʻtkazildi.

    2021-yildan boshlab esa Surxondaryo viloyati hududi florasini toʻr tizimli xaritalash ustida ilmiy ishlar olib borilmoqda.

    Viloyatlar florasining davlat kadastri. Oʻzbekiston Milliy gerbariysi fondiga tayangan holda va zamonaviy dala tadqiqotlari uygʻunligida 2016-yildan boshlab Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlari uchun kadastr tadqiqotlari yakunlandi. Hozirgi kunda Toshkent va Surxondaryo viloyatilari kadastrlari ustida ishlanmoqda.

    Bundan tashqari, ayni kunlarda ayrim oʻsimlik turkumlari kamyob va yoʻqolib borayotgan turlar, dorivor oʻsimliklar, tabiiy ekosistemalarning indikator turlari kabilar boʻyicha global iqlim oʻzgarishining mavjud ssenariylari asosida roʻy berishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarni bashorat qilish borasida ham yangi zamonaviy tadqiqotlar olib borilmokda.

    Shuningdek, hozirda Oʻzbekiston Milliy gerbariy kolleksiyasining 25 foiz qismi raqamli formatga oʻtkazilib, yorliklarni maʼlumotlar bazasiga kiritish, barkodlash ustida ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, gerbariy kolleksiyasi yiliga 7000-8000 atrofidagi yangi namunalar bilan boyitilmoqda.

    Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining “Zoologiya kolleksiya” noyob ilmiy obʼekti boʻlib, u 6 ta noyob ilmiy kolleksiya fondlaridan iborat. Ular quruq, hoʻl preparatlar, terilar, bosh suyaklari, hayvonlarning hosilalari tarzida ifodalangan.

    Zoologiya kolleksiyasi – Markaziy Osiyodagi eng katta kolleksiyalardan biri boʻlib, Oʻzbekistonning milliy boyligi hisoblanadi. Saqlash fondida 1935-yildan hozirgi kungacha toʻplangan umurtqasiz hayvonlar, baliq, sudraluvchilar, qushlar va sutemizuvchilar koleksiyalari mavjud. Toʻplamda Markaziy Osiyo hayvonot dunyosining 5 ming turiga mansub 70 mingdan ortiq namunalari saqlanmoqda. Barcha fondlarda saqlanayotgan kolleksiya namunalarini inventarizatsiyalash jarayoni amalga oshirilmoqda va bu yoʻnalishdagi ishlarning dastlabki bosqichi yakunlandi.

    Zoologiya institutida respublika hayvonot olami xilma-xilligini saqlash, zamonaviy fan va iqtisodiyot tarmoqlarining talablaridan kelib chiqqan holda zoologiyaning alohida yoʻnalishlarini rivojlantirish, shuningdek, hayvonot olamini oʻrganish hamda muhofaza qilish borasidagi vazifalar yechimini tezlashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Xususan:

    Toʻgʻriqanotsimon hasharotlarning hayot shakllari aniqlandi, faunistik va zoogeografik tahlillar olib borildi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻgʻriqanotlilarning jami 257 turi uchraganligi qayd qilinib, ulardan, agrolandshaftlarda 105 tur, choʻl hududlarida 118 tur, adirda 145 tur va togʻlarda 141 tur tarqalganligi aniqlandi.

    Alohida ahamiyatga ega boʻlgan zoologik hududlarda umurtqali hayvonlarning iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan, shuningdek, kamyob va endem turlarini saqlash va ulardan barqaror foydalanishning yoʻllari ochib berildi. Gʻarbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloy togʻlari ekosistemasida umurtqali hayvonlar faunasini saqlash maqsadida 8 ta asosiy zoologik hududlar ajratilgan. Har bir hudud uchun xos boʻlgan sutemizuvchilarning kompleks faunasi, noyob, global darajada xavf ostida boʻlgan, endemik turlar, turlarning holati va yashash biotoplariga antropogen taʼsirlarning majmui aniqlandi.

    Respublika faunasining maʼlumotlar bazasini bosqichma-bosqich yaratish borasida hasharotlarni identifikatsiyalash tizimi boʻyicha maʼlumotlar bazasi ishlab chiqildi. Dastlabki bosqichda toʻgʻriqanotsimonlar faunasi, ekologiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni jamlash va ulardan zamonaviy usullar asosida foydalanish uchun OrthopteraInfo maʼlumotlar bazasi nazariy modeli, konstruktiv sxemasi ishlab chiqildi va ushbu maʼlumotlar bazasiga bioobyekt haqidagi maʼlumotlar, jumladan, toʻgʻriqanotlilarning 120 ta, baxorikorlarning 48 ta va boshqa turkumga mansub 35 tur toʻgʻrisidagi faunistik, taksonomik va ekologik manbalar kiritildi.

    Molekulyar-genetik tadqiqotlar natijasida 8 tur nematodalar va 6 tur quruqlik mollyuskalari indentifikatsiya qilindi va xalqaro Genbank bazasiga joylashtirildi.

    Hayvonot olami obyektlari, shuningdek, yovvoyi hayvonlarning kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan turlari boʻyicha davlat kadastri yuritildi.

    Toshkent viloyati umurtqali hayvonlar faunasi boʻyicha noyob va iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan turlarning qisqa tavsiflovchi muhim maʼlumotga ega roʻyxati tuzildi. Maʼlumotlar bazasida 181 ta umurtqali hayvonlarga mansub boʻlgan 7649 ta maʼlumot kiritildi. Toshkent viloyati hayvonot dunyosini muhofaza qilinadigan obyektlari toʻgʻrisida axborot-tahliliy maʼlumot bazasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining bioxilma-xillikni saqlash boʻyicha axborot-tahliliy baza tizimiga joylashtirish uchun taqdim etildi.

    Mahalliy xom ashyo ozuqalaridan foydalangan holda baliq unumdorligini oshirish texnologiyasi ishlab chiqildi. Toshkent viloyati suv havzalarida bozor sharoitlariga moslashtirilgan, mahalliy ozuqalar yordamida karp baliqlari chavoqlarining mahsuldorligini gektariga 2,0-2,5 tonnagacha oshirish texnologiyasi yaratildi.

    Bundan tashqari, Fanlar akademiyasi va boshqa bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda muntazam ravishda Qizil kitobni yuritish ishlari olib borilmoqda.

    Jumladan, yangi tahrirdagi hayvonot olami boʻyicha Qizil kitobning noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan turlari roʻyxatiga 209 ta tur, shundan 21 ta tur qoʻshimcha ravishda kiritildi va 12 ta turning maqomi oʻzgartirildi.