Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston-Fransiya munosabatlari bugungi kunda yuqori darajadagi siyosiy va diplomatik hamkorlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar uchun salmoqli salohiyat mavjudligi bilan ajralib turadi.
Fransiya O‘zbekistonning yevropadagi eng muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanib, savdo-iqtisodiy hamkorlik darajasi izchil yuqorilab boryapti. Ayni paytda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar ham faol rivojlanyapti.
Uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da rivojlantirish, shu jumladan parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Fransiya Senati Raisi Jerar Larshe hozirda mamlakatimizda kechayotgan tub yangilanishlar jarayonini mamnuniyat bilan tilga olib, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning chinakam bozor iqtisodiyotiga o‘tishi va jahonga ochilish yo‘lida amalga oshirgan ishlari mustaqillikning barcha yillari davomida qilingan jami ishlardan ham salmoqli ekanligini e'tirof etdi.
Fransiyaning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi nihoyatda katta ekanligiga urg‘u berib, J.Larshe «O‘zbekiston mintaqada eng aholisi ko‘p bo‘lgan kuchli davlat – Markaziy Osiyoning urib turgan yuragidir. Ayniqsa, jahonda bugungi kunda kuzatilayotgan mavhumlik va notinchlik sharoitida davlatingizni mintaqadagi xavfsizlik va tinchlik markazi deb bilamiz» deya ta'kidladi.
Aytish kerakki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida Fransiya parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, Fransiya Senatida ham «Fransiya – Markaziy Osiyo» parlamentlararo guruhi, quyi palata – Milliy assambleyada «Fransiya – O‘zbekiston» do‘stlik guruhi faoliyat yurityapti.
Bu borada T.Narbaeva hamkorlik guruhlari salohiyatidan yana-da samarali foydalanish muhimligini, jumladan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning tayanch nuqtalari qonun ijodkorligi, kuchli parlament nazorati va hududiy vakillik tamoyillariga qurilishi zarurligini alohida ta'kidladi. Shu o‘rinda ikkala parlamentning turdosh masalalarga mas'ul qo‘mitalari o‘rtasida ham mustahkam aloqalar o‘rnatilishi mazkur muloqot mexanizmining amaliy samarasini ta'minlashiga urg‘u berdi.
Tomonlar ikki palatali parlament demokratik rivojlanishning muhim tarkibiy sharti ekanligini birdek e’tirof etib, davlatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda yuqori palatalarning vakillik demokratiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish zarurligini ta'kidladi.
Suhbat yakunida Fransiya va O‘zbekiston mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, BRMga erishish sohasida qo‘shma choralarni amalga oshirish, shuningdek, yashil iqtisodiyot, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tenglikni ta’minlash sohalarida ham konstruktiv xamkorlik qilishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.