“O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati Afg'onistondagi hodisa bo'yicha o'z munosabatini bildirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
“O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati bayonotiga ko'ra, 20 avgust kuni “So'g'diyona trans” sho'ba korxonasi ishchi-xodimlarini ish joyiga olib ketish uchun kelgan korxona muvofiqlashtirish bo'limi boshlig'i o'rinbosari, haydovchi va Afg'oniston Ichki ishlar vazirligining temir yo'lni qo'riqlash batal`oni askari Hayraton ishchilar yashash bazasidan birgalikda chiqishgan. SHundan so'ng, temir yo'lning taxminan 43-kilometri yaqinida ularga noma'lum shaxslar tomonidan qurolli hujum uyushtirilgan.
Hujum oqibatida korxona muvofiqlashtirish bo'limi boshlig'i o'rinbosari jarohat olgan, ikki nafar Afg'oniston fuqarosi (Ichki ishlar vazirligining temir yo'lni qo'riqlash batal`oni askari va bir nafar hujum qilgan noma'lum shaxs) halok bo'lgan.
Jarohat olgan korxona muvofiqlashtirish bo'limi boshlig'i o'rinbosari korxonaga tegishli avtomashinada Termiz shahridagi kasalxonaga etkazilgan.
Bugun, 21 avgust kuni soat 07:00 da Hayraton stantsiyasi o'z ishini davom ettirish uchun ochilgan. Sodir bo'lgan ko'ngilsiz voqea oqibatida O'zbekiston fuqarolari halok bo'lmagan.
Avval xabar berganimizdek, ushbu voqea bilan bog'liq vaziyat bugun O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan Afg'oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar o'rtasida bo'lib o'tgan telefon muloqoti chog'ida ham muhokama qilindi.