O‘zbekiston Germaniya bilan ta’lim va mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

    Ta'lim 8 Noyabr 2024 554

    Germaniyaning «Ming CheNG Institut GmbH» ta’lim muassasasi rahbari Ming Cheng Toshkentga keldi.

    Tashrif mamlakatimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 17-oktyabrdagi «Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi va Germaniyada mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar doirasida tashkil etildi.

    2016-yilda Galle shahridagi Merzeburg amaliy fanlar universiteti huzurida (Germaniya) tashkil etilgan «Ming CheNG Institut GmbH» ta’lim muassasasi chet ellik abiturientlarni Germaniya universitetlariga qabul qilish uchun «FSP» sertifikatini berish huquqiga ega. Hozirgi kunda ushbu ta’lim muassasasida dunyoning 50 ta davlatidan, shu jumladan, O‘zbekistondan 400 ga yaqin talaba tahsil oladi.

    2024-yil iyul oyida ushbu muassasa tomonidan Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida birinchi nemis-o‘zbek fakulteti tashkil etildi.

    Joriy yil 5-noyabrda Andijon shahrida «Ming CheNG Institut GmbH» va Andijon davlat universiteti o‘rtasida Andijon shahrida nemis-o‘zbek qo‘shma ta’lim muassasasini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi. Ushbu loyiha ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda yangi bosqich bo‘ladi. Ta’lim muassasasi Germaniya sifat standartlari va usullaridan foydalangan holda Germaniyada talab etiladigan yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltiriladi. Bu esa bitiruvchilarga yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ishga joylashish imkoniyatlarini beradi.

    7-noyabrda Ming Cheng Migratsiya agentligida direktor o‘rinbosari Azimjon Xusanov bilan uchrashdi. Unda til o‘rgatish va mehnat migratsiyasi uchun ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Germaniya tomoni O‘zbekiston ta’lim tizimini rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyorligini, shuningdek, Toshkent shahrida «Ming CheNG Institut GmbH» universiteti filialini ochish taklifini bildirdi. Filial Germaniya va yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlarida ishlashga yo‘naltirilgan mutaxassislarni til va kasbiy tayyorlashga ixtisoslashgan bo‘ladi.

    Tomonlar ushbu loyihalarning muhimligini ta'kidladilar. Agentlik vakillari mehnat migratsiyasi sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.

    «Ming CheNG Institut GmbH» universiteti filiali yevropa Ittifoqida talab qilinadigan kasblar bo‘yicha kasbiy tayyorgarlik va sertifikatlash markaziga aylanishi kutilyapti. Bu O‘zbekiston fuqarolarining yevropa mehnat bozoridagi imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishga xizmat qiladi.