Oʻzbekiston harbiylari Koreyada oʻtkazilgan xalqaro musobaqada uchinchi marotaba mutlaq gʻolib boʻlishdi

    Harbiy 27 Sentabr 2025 1051

    Joriy yilning 21–26-sentyabr kunlari Koreya Respublikasining Kongvando provinsiyasi Inje shahridagi Quruqlik qoʻshinlari Ilmiylashtirilgan mashgʻulot markazida uchinchi marta Xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasi boʻlib oʻtdi.

    Unda Koreya, Oʻzbekiston, AQSH, Yangi Zelandiya, Kambodja davlatlari hamda NATO qoʻshma guruhidan jami 16 ta jamoa va 500 ga yaqin harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

    Musobaqada dastlab har bir jamoa operativ rejani ishlab chiqish va milliy kelishuv boʻyicha majburiyatlarni bajarish hamda boʻlinmalarning qoʻshma operatsiyalari uchun zarur boʻladigan koʻnikma va tajriba oshirishga muvaffaq boʻldi.

    Shundan soʻng har bir jamoa qurʼa tashlash orqali bellashuvga kirishdi. Musobaqa shartlariga koʻra, jamoalar turli jangovar simulyatsiyalar hamda ilmiylashtirilgan mashgʻulot dasturlaridan foydalangan holda togʻoldi, oʻrmon va shahar sharoitida 12 bosqichdagi shartli janglarni olib borishdi.

    Baholash jarayonida ishtirokchi guruhlarning shartlarni toʻliq bajarishi, jangovar harakatlar qoidalariga rioya qilingani, hujum va mudofaada shartli dushmanni yakson etish va omon qolish darajasi, shuningdek, jangovar harakatlar taktik vaziyatga mos kelishini har tomonlama tahlil qilish va xabardor qilish natijalari inobatga olindi.

    Quvonarli jihati shundaki, mazkur musobaqada harbiylarimiz shartli dushmanning zaxira va asosiy qoʻmondonlik punktini qoʻlga olishga 21 daqiqa (shu vaqtgacha eng yaxshi natija 33 daqiqa), mudofaada turib shartli dushmanni yakson etishga 25 daqiqa (shu vaqtgacha eng yaxshi natija 29 daqiqa) sarflab, musobaqa rekordlarini yangilashdi.

    Shuningdek, shartli dushmanni yakson etish shartida III darajali serjant Bekzod Nodirov eng yuqori natijani qayd etib, musobaqaning “Eng yaxshi oʻqchi” nominatsiyasi gʻolibi boʻldi.

    Shu tariqa Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi joriy yilda ham mazkur Xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasida eng yuqori natijani qayd etib, birinchi oʻringa sazovor boʻldi. Eslatib oʻtamiz, oʻtgan ikki yil davomida oʻtkazilgan mazkur musobaqada ham oʻzbekistonlik harbiylardan iborat jamoa peshqadamlikni qoʻldan boy bermagan edi.

    Ertaga, 27-sentyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida gʻolib harbiylarimizni tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtadi.