Oʻzbekiston harbiylari Koreyada oʻtkazilgan xalqaro musobaqaning mutlaq gʻolibiga aylandi

    Mamlakatimiz Mudofaa vazirligi jamoasi Koreya Respublikasida oʻtkazilgan xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasida ishtirok etib, eng yuqori natijani koʻrsatdi.

    Mazkur musobaqa davomida jangovar harakatlar reallikka yaqin boʻlishi uchun shahar va togʻ hududlarida tashkil etilgan amaliy mashgʻulotlarda tomonlar qarama-qarshi kuch sifatida jang olib bordi. Unda asosan, dunyoning yetakchi davlatlaridan saralangan jamoalar ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi puxta va samarali tashkillashtirilgan tayyorgarlik natijasida musobaqa mobaynida jasurlik, gʻalabaga boʻlgan ishtiyoq, yuksak darajadagi kasbiy va ruhiy tayyorgarlik, shuningdek, shaxsiy tarkibning jipsligini namoyon etdi.

    NATO standartlariga asoslangan ushbu musobaqaning 12 ta “jangi”da oʻzbekistonlik harbiylar 10 ta gʻalaba bilan birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrin esa AQSH hamda Koreya Respublikasi jamoalariga nasib etdi — toʻrttadan gʻalaba.