Soʻnggi yillarda koʻplab xorijiy oliy taʼlim muassasalari katta qiziqish bilan yurtimizda oʻz filiallarini ochish istagini bildirmoqda. Natijada hamkorlik aloqalari kengayib, IT maktablar qurish, kadrlarni sifatli tayyorlash masalalari boʻyicha tajriba almashilayotir. Bu, albatta, quvonarli. Jumladan, texnologiya va kommunikatsiyalar boʻyicha dunyoning yetakchi davlatlaridan sanalgan Hindiston universitetlari filiallarining yurtimizda faoliyat boshlashi ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Shu kunga qadar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish sohasida Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha bir nechta loyiha amalga oshirildi. Hindiston Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi huzuridagi Dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati (STPI) bilan hamkorlik doirasida Toshkent shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tashkil etilgani fikrimizga yaqqol misol boʻla oladi.
Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi va Hindiston axborot texnologiyalari markazi oʻrtasida elektron hukumatning qator yoʻnalishlari: elektron tibbiyot, elektron taʼlim, elektron parlament, biznes jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqalar boʻyicha davlat xizmatchilarini oʻqitishni tashkil etish yuzasidan hamkorlik qilib kelinmoqda.
Xalqaro tajribani amaliyotda qoʻllash, axborot texnologiyalari sohasida bilim almashish, shuningdek, sheriklik aloqalarini mustahkamlash maqsadida 2019-yil 18-martdan boshlab hindistonlik tajribali mutaxassis IT parkka maslahatchi sifatida jalb qilindi.
Hindiston tajribasiga asoslanib, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini yanada rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Oʻzbekistonda Biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) yoʻnalishini rivojlantirish maqsadida Hindistondan yirik BPO korxonalar jalb qilinib, ular yordamida mahalliy tadbirkorlarni shu yoʻnalishda ish olib borish, ular uchun barcha kerakli treninglar tashkil etish moʻljallangan. Shu bilan birga, IT park hamda Gujarat elektronika va dasturiy taʼminot assotsiatsiya si oʻrtasidagi hamkorlik doi rasida Oʻzbekistonning startap ekotizimini rivojlantirish toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Assotsiatsiya mutaxassislari ishtirokida IT park ning ikkinchi toʻlqini inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari uchun startap loyihalarga 169 ta tanlov oʻtkazilib, 23 ta startap loyiha tanlab olindi.
Ayni vaqtda Toshkent shahridagi IT parkning yangi infratuzilma obyektlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqilib, unda umumiy maydoni 408 ming kvadrat metr boʻlgan 17 ta infratuzilma obyekti qurilmoqda.
IT park hamda “iCreate” Xalqaro tadbirkorlik va texnologiyalar markazi oʻrtasidagi hamkorlik doirasida 2021-yil aprel oyida IT parkning biznes modelini ishlab chiqish va moliyaviy komponentlarni tahlil qilish boʻyicha koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan 4 ta onlayn oʻquv sessiyasi oʻtkazildi.
Taʼlim sohasidagi uzoq yillik kelishuvlar
Hindiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasida koʻp tarmoqli uzoq yillik kelishuvlar shu kunga qadar oʻzining ijobiy samarasini berib kelmoqda. Binobarin, tibbiyot, taʼlim, elektronika, texnika, shuningd yek, iqtisodiy-siyosiy aloqalar shular jumlasidan.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi Javaxarlal Neru nomidagi Oʻzbek-Hind axborot texnologiyalari markazi 2004-yil 29-oktyabrda Dehli shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi hukumatlari oʻrtasida imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumiga muvofiq tashkil etilgan edi.
Markazning asosiy faoliyati axborot texnologiyalari sohasida oʻquv kurslarini tashkil etishdan iborat. U, asosan, C / C ++, C # va Java kabi dasturlash tillari boʻyicha talabalar uchun uzoq muddatli mashgʻulotlar hamda davlat boshqaruvidagi mutaxassislarga yoʻnaltirilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga doir qisqa muddatli oʻquv kurslarini oʻz ichiga oladi.
Markaz tashkil topgandan to hozirgi kungacha 32800 nafar oʻquvchi unda malaka oshirgan. Ulardan 5100 nafari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va boshqa oliy oʻquv yurtlari talabalari hisoblanadi. Qolgan 27700 nafari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, yirik kompaniyalar, banklar va boshqa tashkilotlar xodimlaridir.
Markaz faoliyati shu bilan cheklanib qolgani yoʻq. U AKT sohasida ham oʻzining boy tajribasi bilan oʻquvchilarni tayyorlab kelmoqda. Ushbu yoʻnalishda kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida yetakchiga aylanish maqsadida markaz oʻquv kurslari mazmunini yangilash, sunʼiy intellekt, mashinasozlik, kiberxavfsizlik kabi yangi yoʻnalishlar boʻyicha murabbiylarni tayyorlashni maqsad qilgan.
Viloyatlarda Hindiston OTMlarining filiallari ochiladi
Joriy yil 19-yanvar kuni Hindistonning Acharya institutlar tarmogʻi ijrochi direktori bilan uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvda IT-mutaxassislar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, 24-yanvar kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutasaddilari Hindistonning Integ ral universiteti rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqot davomida Hindistonda yuqori nufuzga ega boʻlgan Integral universiteti vakillari mamlakatimiz viloyatlarida oʻz filiallarini ochish istagini bildirdi.
Shu bilan birga, tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Oʻzbekistonda IT taʼlimni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha fikrlar bildirildi.
Hindistonning Integral universiteti mamlakatning obroʻli oliy taʼlim muassasalaridan hisoblanadi. Mazkur universitetga 2004-yili Lakxnau shahrida asos solingan. Hozir unda qariyb 10 mingga yaqin talaba arxitektura, kompyuter ilmi, iqtisod, tijorat, madaniyat va boshqa sohalardagi 150 dan ortiq taʼlim dasturlari boʻyicha tahsil olmoqda. Universitetda 17 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavrlar hamda 14 ta mutaxassislik boʻyicha magistrlar tayyorlanadi.
Toshkent shahridagi Amiti universiteti faoliyatiga nazar
Toshkent shahridagi Amiti universiteti 2019-yil 24-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-yanvardagi “Toshkent shahrida Amiti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Hozir universitetda beshta yoʻnalish (dasturiy texnologiyalar, komp yuter injiniringi, iqtisodiyot, biznes boshqaruvi, turizm boshqaruvi) boʻyicha bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda. Taʼlim muddati bakalavriatda yoʻnalishiga qarab 3-4 yil, magistraturada 2 yil olib boriladi. Shuningdek, universitetda 11 yillik maktabni tamomlagan abituriyentlarni qabul qiladigan va asosiy bakalavriat kurslari boshlanishidan bir yil oldin oʻqitishni taʼminlaydigan boshlangʻich umumiy taʼlim tizimi — Foundation faoliyat koʻrsatmoqda. Hozir Foundation kurslarida 298 nafar talaba tahsil olmoqda.
Taʼlim jarayoni dastlab toʻliq shartnoma asosida tashkil etilganiga qaramasdan, 2019/2020 va 2020/2021 oʻquv yillarida Amiti universiteti (Hindiston)da bakalavrlar uchun 40 foizlik grant va 2021/2022 oʻquv yilida 30 ta davlat granti ajratildi.
Birinchi — 2019/2020 oʻquv yili uchun kirish imtihonlarida 499 nafar talaba tanlovdan oʻtdi. Kirish imtihonlari toʻliq hindistonlik mutaxassislar tomonidan uch bosqichda oʻtkazildi.
2020/2021 oʻquv yili uchun imtihon topshirishga 11065 abituriyent hujjat topshirdi, ulardan 345 nafari tanlab olindi. Yaʼni bir oʻringa 30 dan ortiq talabgor hujjat topshirgan. Oʻzbekis tonda kirish imtihonlari birinchi marta hindistonlik mutaxassislar tomonidan toʻliq onlayn oʻtkazildi. Bunda barcha jarayon sunʼiy intellekt tomonidan kuzatib borildi. Bugungi kunda universitetda jami 859 talaba tahsil olmoqda. Hozir muassasada 33 nafar chet ellik oʻqituvchi ishlaydi, ularning 60 foizi falsafa doktori — PhD darajasiga ega.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistonga xorijiy davlatlarning har tomonlama qiziqishi ortib borayotgani, albatta, quvonarli. Turli davlatlar qatori bugun Hindiston ham Oʻzbekistonning muhim strategik hamkoriga aylanib bormoqda.