Bugun Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtadi

Oʻzbekiston 1992-yil 28-noyabr kuni IHTga aʼzo boʻlgan. Mamlakatimiz mazkur xalqaro tuzilma doirasidagi sheriklar bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish, xorijiy sheriklar bilan sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, mintaqada transport yoʻlaklarini rivojlantirish, ulardan samarali foydalanish va yangilarini yaratish Oʻzbekiston va xorijiy sheriklar oʻrtasidagi xalqaro hamkorlikning eng muhim yoʻnalishlaridandir.

Shu nuqtayi nazardan, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida ishtirok etish mamlakatimiz manfaatlariga toʻliq javob beradi.

Mintaqaviy davlatlararo tashkilotga hisoblanadigan IHT 1985-yilda Tehron (Eron) shahrida asos solingan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Islom hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega.

Tashkilotning maqsadi savdo va transport kommunikatsiyalari sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Bugungi kunda IHTga oʻnta davlat – Ozarbayjon, Afgʻoniston, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Oʻzbekiston aʼzo boʻlib kirgan.

IHT faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlarining har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan sammitlarida belgilanadi. Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston IHT sammitlarida, jumladan, yetti marta davlat rahbari darajasida muntazam ishtirok etdi. Mamlakatimiz rasmiy delegatsiyalari IHTga aʼzo davlatlar transport, turizm va qishloq xoʻjaligi vazirlari yigʻilishlarida faol qatnashib kelmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning IHT doirasidagi hamkorligi sezilarli darajada faollashdi. Xususan, 2022-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va IHT davlatlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12,3 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2017-yilga nisbatan ikki baravar koʻp demakdir. Oʻzbekistonda IHTga aʼzo mamlakatlar sarmoyadorlari ishtirokida 4 ming 400 ta qoʻshma va yakka tartibdagi korxona faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekiston tomonidan 2020-yil dekabr oyida ilgari surilgan “Markaziy Osiyo-Afgʻoniston-Pokiston”, “Markaziy Osiyo-Afgʻoniston-Eron”, “Oʻzbekiston-Turkmaniston-Eron” transport yoʻlaklarini IHT mintaqasi transport arteriyalariga kiritish boʻyicha tashabbus tashkilotga aʼzo barcha davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

2022-yilda respublikamiz ilk bor mazkur xalqaro tuzilmaga raislik qildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 28-noyabr kuni Ashxobodda (Turkmaniston) boʻlib oʻtgan IHT 15-sammitida soʻzga chiqib, mazkur tuzilmaga raislikni qabul qilib olgan holda hamkorlikning dolzarb masalalarini koʻtardi hamda aʼzo davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan va hayotga tatbiq etilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2022-yil IHT mintaqasida “Oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash yili” deb eʼlon qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mazkur mintaqaviy tashkilotning ulkan iqtisodiy salohiyati, oʻrni va ahamiyati tobora ortib borayotganini alohida taʼkidlab, IHTga aʼzo mamlakatlar salohiyatidan unumli foydalanish, mintaqada mavjud transport yoʻlaklari samaradorligini oshirish va yangilarini barpo etish, shuningdek, “yashil” rivojlanishni taʼminlash va turizm almashinuvini qayta tiklash uchun saʼy-harakatlarni birgalikda ishga solishga chaqirdi. Afgʻon xalqiga zarur yordam koʻrsatish boʻyicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va saʼy-harakatlarni birlashtirish, Afgʻoniston bilan birgalikda mintaqaviy ahamiyatga molik yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

“Umumiy intilish va harakatlarimiz natijasida Tashkilotimiz doirasidagi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorligimizni yaqin istiqbolda sifat jihatidan yangi pogʻonaga koʻtara olishimizga ishonaman”, deb taʼkidladi davlatimiz rahbari sammitdagi nutqining yakunida.

Oʻzbekiston raisligida IHT Mintaqaviy rejalashtirish kengashining yigʻilishi (2022-yil 17-26-yanvar, Tehron), Qayta tiklanadigan energiya manbalari boʻyicha ekspertlar guruhining 4-yigʻilishi (27-aprel, onlayn shaklda), IHT Parlament Assambleyasining 3-konferensiyasi (17-may, Boku), IHTni isloh qilish va samaradorligini oshirish boʻyicha anjuman (22-24-may, Tehron), Qishloq xoʻjaligi vazirlarining 7-yigʻilishi (5-6-iyul, Toshkent), Turizm vazirlarining 4-uchrashuvi (13-dekabr, onlayn shaklda) boʻlib oʻtdi.

Joriy yil 24-yanvar kuni Toshkent shahrida IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 26-majlisi boʻlib oʻtadi. Unda Oʻzbekistonning tashkilotdagi raisligi yakunlari sarhisob qilinadi, yaqin va oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan reja va vazifalar muhokama qilinadi.

Oʻzbekiston doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, barqarorlikni taʼminlash maqsadida tashkilot doirasidagi keng koʻlamli oʻzaro manfaatli aloqalarni faol rivojlantirishda davom etadi.