Umarov Muxtor Mansurxodjayevich 1981-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan, millati - oʻzbek, maʼlumoti - oliy.

2002-yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetini Marketing mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. Shuningdek, 1999-yilda AQSHning “International English Institute”ni ingliz tili fani pedagogi mutaxassisligi boʻyicha tugatgan.

M.Umarov oʻz mehnat faoliyatini 2001-yilda xususiy tadbirkorlikdan boshlagan, bir necha yillar davomida AQSH da yashab, oʻz xususiy biznesiga asos solgan. 2006-2010-yillarda “Chromos Production” MCHJ, 2011-2015-yilllarda “Everest Impeks Plyus” maʼsuliyati cheklangan jamiyati direktori, 2018-2019-yillarda “Qandolatchilikni rivojlantirish” Assotsiatsiyasi raisi boʻlib ishlagan.

2019-yil 23-martdan “Oʻzbekiston Eksportchilari” uyushmasi Boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi davlat va nodavlat tashkilotlari oʻrtasida muloqot muhitini shakllantirish, respublikamizda tadbirkorlikni rivojlantirish, chet davlatlardagi yirik korporatsiya va savdo tarmoqlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkil etilgan.

Mamlakatimiz iqtisodi va biznes olami uchun yangilik boʻlgan mazkur assambleya oʻzida 12 ta mahalliy ilgʻor assotsiatsiya va milliy markazlarni birlashtiradi.

Uning oʻz oldiga qoʻygan ustuvor vazifalari davlatimiz iqtisodiyotidagi oʻzgarishlar, qonunchilik va davlat dasturlarida nodavlat biznes sektori vakillarining ishtirokini taminlash, ularning mahalliy va xalqaro huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlar faoliyatidagi masalalarini yuqori davlat tashkilotlariga yetkazishda koʻmaklashishdan iborat hisoblanadi.

Assambleya qoshida xalqaro arbitraj sudi, mediamarkaz, tadbirkorlikka tayyorlash va malaka oshirish boʻyicha biznes akademiya, xorijiy bozorlarga chiqishga moʻljallangan elektron platforma hamda IT boʻlimlari ishbilarmon doira vakillariga xizmat koʻrsatadi.

Assambleya oʻz dasturiga koʻra, xorijiy iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xalqaro koʻrgazma va biznes forumlar tashkil etish boʻyicha ham faoliyat olib boradi. Shu bilan birga, milliy brendlar yaratish, marketing, menejment va biznes doira vakillari uchun kasb bayramlarini tashkillashtirish ustida ishlaydi.

Iqtisodiy tashkilot mamlakatga investitsiyalar jalb qilish bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun xorij bozorlarini oʻrganib tahlil qiladi. Va bir vaqtning oʻzida hamkor davlatlarda oʻzbek mahsulotlari uchun shourumlar tashkil etishni rejalashtirgan.