Oʻzbekiston Isroilda boʻlib oʻtayotgan xalqaro turizm koʻrgazmasida ishtirok etmoqda

    Turizm 30 Mart 2022 1484

    29-martda Tel-Avivda “The International Mediterranean Tourism Market — IMTM 2022” (“Xalqaro Oʻrtayer dengizi turizm bozori – IMTM 2022”) 28 xalqaro sayyohlik koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi.

    IMTM Sharqiy Oʻrta yer dengizi mintaqasidagi turizm sanoatidagi eng yirik koʻrgazma boʻlib, Isroil Turizm vazirligi, Mehmonxonalar assotsiatsiyasi, Sayyohlik agentliklari uyushmasi va Isroil turoperatorlari uyushmasi tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanadi.

    Oʻzbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi koʻmagida “Uzbekistan Airways” AJ stendi tarkibida Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Milliy PR-markazi vakillari, qator sayyohlik kompaniyalari va hunarmandlar, xususan, Samarqand va Buxoro viloyatlari vakillari ishtirok etyapti.

    Birinchi kuni Oʻzbekiston stendi koʻplab tashrif buyuruvchilarning, jumladan, turizm bozori mutaxassislari va potensial sayyohlarning eʼtiborini tortdi. Oʻzbekiston stendiga Isroil turizm vaziri Yoel Razvozov tashrif buyurdi.

    Oʻzbekiston stendida turli sayyohlik mahsuloti, jumladan, ajoyib noyob meʼmoriy yodgorliklar, betakror gastronomiya, oʻzbek hunarmandlarining nafis mahsulotlari namoyish etilyapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Koʻrgazma 30-martgacha davom etadi.