Oʻzbekiston Jahon miqyosidagi muhim qishloq xoʻjaligi merosi tizimi xalqaro tarmogʻiga qoʻshilishni rejalashtirmoqda

    BMTning Oziq ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning “Jahon miqyosidagi muhim qishloq xoʻjaligi merosi tizimi” (GIAHS) tashabbusi doirasida Oʻzbekistonda GIAHS maqomini olish uchun tanlangan hudud sifatida qaralishi mumkin boʻlgan hududlarning milliy roʻyxati shakllantirilmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, bunday tizimlar koʻpincha hududiy rivojlanishning asosi boʻlgan qishloq xoʻjaligi bioxilma-xilligi, barqaror ekotizimlar va qimmatli madaniy merosni oʻzida mujassam etgan ajoyib landshaftlarni oʻz ichiga oladi.

    Fargʻona vodiysidagi qishloq xoʻjaligi landshaftlari va pillachilik bilan shugʻullanuvchi mahalliy aholi, Buxoro viloyatidagi qorakoʻlchilik, Toshkent viloyatining Parkent tumani va Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanidagi uzumchilik va hokazolar ana shunday obyektlardan hisoblanadi.

    Ayni paytda FAO Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Zamin” Xalqaro jamoatchilik fondi koʻmagida GIAHS obyektlari uchun qoʻyilgan zarur mezonlarga javob beradigan Margʻilon hududidagi ipakchilik tizimi va unga bogʻliq faoliyatni oʻrganish boʻyicha loyihani amalga oshirishga kirishdi.

    Shu maqsadda milliy ekspertning Fargʻona viloyatiga tashrifi tashkil etilib, viloyat hokimligining tashkiliy koʻmagida mazkur qishloq xoʻjaligi tizimini yanada chuqurroq oʻrganish va keyinchalik xalqaro roʻyxatga olish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash boʻyicha ishchi guruh tuzildi.

    Dastlabki materiallar tayyorlangach, xalqaro ekspertlar va FAO bosh idorasi xodimlarining Margʻilon shahriga tashrifi rejalashtirilgan boʻlib, u yerda iyul oyi oʻrtalarida amalga oshirish rejasini tayyorlash va loyihaning mahalliy ishtirokchilari xabardorligini oshirish maqsadida seminar oʻtkaziladi.

    Birinchi GIAHS maqomini olish Oʻzbekistonga ham xalqaro hamjamiyat, ham mahalliy manfaatdor tashkilotlar va hamjamiyatlarning eʼtiborini tabiiy va texnogen landshaftni, madaniy merosni saqlashga va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish imkonini bertsht kutilmoqda.

    GIAHS obyektlarini roʻyxatga olishning jahon tajribasi bioxilma-xillikni saqlash va qishloq joylarning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshadigan global ahamiyatga ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi bilimlarini, mahalliy amaliyot va anʼanalarni aniqlash, saqlash va rivojlantirishga koʻmaklashish imkonini beradi. Anʼanaviy Jahon merosi obyektlari va qoʻriqlanadigan landshaftlardan farqli oʻlaroq, GIAHS gʻoyasi dinamik muhofazaga asoslangan - qishloq xoʻjaligi hududini odamlar va tabiat oʻrtasidagi murakkab munosabatlarning jonli va rivojlanayotgan tizimi sifatida koʻrib chiqadigan konsepsiyadir.

    GIAHS Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning 2015-yilda boshlangan dasturi boʻlib, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi uchun biologik xilma-xillik va genetik resurslarni saqlashga hissa qoʻshadigan anʼanaviy qishloq xoʻjaligi tizimlarini tan olish, qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish hamda ularni hurmat qilishga qaratilgan. Shu bilan birga, tizim qishloq aholisining turmush tarzini yaxshilash va bilimini oshirish, ularning madaniyati va qadriyatlarini saqlab qolishga ham katta eʼtibor qaratadi.