Bosh qomusimizning 31-moddasiga koʻra, har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Bu shuni anglatadiki, har kim oʻz eʼtiqodiga amal qilish yoki qilmaslikda mustaqildir. Har bir shaxs boshqalarning vijdon va eʼtiqod erkinligiga ega ekanligini tan olishi shart. Fuqarolar oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari zarur. Kuzatuvlar koʻrsatyaptiki, axloqiy-diniy nuqtayi nazarlarni huquqiy munosabatlar predmetiga aylantirishga urinish, milliy qadriyatlarimizga zid, insonlarning shaxsiy huquqlarini toptovchi va cheklovchi axborot tashviqotlari olib borish holatlari aniqlandi.
Xususan, diniy mavzuda chiqishlar qiladigan va shu sohada faoliyat yuritadigan ayrim shaxslar tomonidan ayollarning mashina haydashiga subyektiv baho berish, ularning mashgʻulot turini erkin tanlash huquqini cheklash, ayrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini toʻxtatish, ayrim jahon durdonalari sanaladigan sanʼat asarlarini sotish (foydalanish)ni cheklash, boshqa diniy qarashlarga ishonchsizlik uygʻotish, hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaydiganlarga nisbatan nafrat uygʻotish, Oʻzbekistondagi dunyoviylik prinsipiga monand qonunlar bilan oʻrnatilgan qoidalarni shubha ostiga olish va boshqa shu kabilarni targʻib qilish holatlari ham uchramoqda.
Ayniqsa, jamiyatning muayyan qatlami boshqalarning qarashlari, xatti-harakatlari, turmush-tarziga faqat bitta oʻlcham – oʻzlarining axloqiy-diniy qarashlari mezoni bilan baho berishiga toqat qilib boʻlmaydi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida hech kimning shaxsiy hayotiga oʻzboshimchalik bilan aralashish mumkin emasligi aniq belgilab qoʻyilgan.
Mazkur norma Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga toʻliq implementatsiya qilingan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi, 27-moddasida shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi kafolatlangan.
Albatta, aholi, ayniqsa yoshlarni ongiga Oʻzbekiston jamiyatining boy tarixiy-maʼnaviy qadriyatlarini singdirish maqsadga muvofiq.
Adliya vazirligi tarbiya muhimligini taʼkidlagani holda, bu jarayon inson huquqlari buzilishi, ayniqsa, fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish hisobiga amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligini qayd etadi.
Birinchi navbatda, insonlar xulq-atvoriga va yurish-turishiga alohida shaxslarning axloqiy-diniy qarashlari yoki oʻlchovlari bilan emas, balki amaldagi qonunchilik talablari nuqtayi nazaridan baho berilishi lozim.
Yaʼni fuqarolar qonunlarga rioya qilar ekan, oʻz hayot tarzini erkin va aralashuvlarsiz tanlashi mumkindir va bu eng muhim konstitutsion huquqlardan biri.
Har qanday holatda ham boshqa dinga eʼtiqod qiluvchi yoki hech qanday dinga eʼtiqod qilmaydigan fuqarolarning huquqlarini inobatga olish, ularning eʼtiqodini hurmat qilish Konstitutsiyaviy burch hisoblanadi.
Mamlakatimizda diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Qatʼiy va oʻzgarmas ushbu konstitutsiyaviy tamoyildan hech qachon voz kechilmaydi. Shaxslarga diniy qarashlarni majburiy singdirishga qaratilgan har qanday xatti-harakat, targʻibot-tashviqot javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Oʻzbekiston xalqi bundan 30 yil oldin oʻzining taraqqiyot yoʻlini tanlab olgan – u dunyoviylikka asoslangan insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni koʻzlaydi. Ushbu haqiqatni shubha ostiga olishga, mutaassib gʻoyalarni targʻibot qilishga hech kimning haqqi yoʻq.