Uchrashuv BMTning Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan Shveysariya Konfederatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Tadbir Qochoqlar ishlari boʻyicha global kelishuv maqsadlarini amalga oshirish natijalarini sarhisob qilish, 2019 va 2023-yillardagi Qochoqlar boʻyicha global forumlarda davlatlar tomonidan olingan majburiyatlarning bajarilishini baholash, shuningdek, xalqaro birdamlik va masʼuliyatni adolatli taqsimlash mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Oʻzbekiston delegatsiyasi koʻchirilgan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy tajriba va yutuqlarni taqdim etadi. Oʻzbekiston xalqaro standartlarga muvofiq milliy huquqiy bazani izchil mustahkamlab bormoqda, jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquq va erkinliklari kafolatlari mustahkamlangan.
#IBelong global kampaniyasi doirasida Yangi Oʻzbekiston fuqarosizlik darajasini kamaytirishda sezilarli yutuqlarga erishdi – 85 ming nafardan ortiq kishi fuqarolikka ega boʻldi. Bugungi kunda mamlakat Markaziy Osiyo mintaqasida fuqarosizlikning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha eng barqaror natijalardan birini qoʻlga kiritdi.
Qoʻshni Afgʻonistondagi insonparvarlik inqirozi sharoitida Oʻzbekiston BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Termiz shahridagi mintaqaviy insonparvarlik logistika markazini ishga tushirishni qoʻllab-quvvatlab, asosiy yordam vositalarini Afgʻoniston va uning tashqarisiga tezkor yetkazib berishga koʻmaklashdi.
Forum doirasida qochoqlar va ularni qabul qiluvchi davlatlarga koʻrsatiladigan yordamni kengaytirish masalalarini muhokama qilish, bu boradagi majburiyatlarning bajarilishini tahlil etish, shuningdek, Oʻzbekiston va boshqa davlatlar tomonidan aholining zaif qatlamlarini himoya qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot almashish rejalashtirilgan. Xalqaro hamkorlik doirasida sheriklikni rivojlantirish va ilgʻor tajribalar almashishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Oʻzbekistonning Global forumdagi ishtiroki mamlakatning xalqaro majburiyatlarini bajarishga sodiqligini va majburiy koʻchirilgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha barqaror yechimlar ishlab chiqish uchun hissa qoʻshishga intilishini tasdiqlaydi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.