Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvga erishdi

    2025-yil 24-oktyabr kuni Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi bilan Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarni rasman yakunladi.

    Bu muhim voqea Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqining 27 ta aʼzo davlati bilan bozorga kirish sharoiti boʻyicha, jumladan eksport va import bojxona imtiyozlari hamda xizmatlar sohasidagi kelishuvlarni oʻz ichiga olgan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganini anglatadi, deb yozadi Bu haqda Prezidentning JST boʻyicha maxsus vakili Azizbek Urunov oʻz LinkedInʼdagi sahifasida maʼlum qildi.

    «Ikki yildan ortiq faol muzokaralar, tahlillar va hamkorlikdagi ish jarayoni mamlakatimiz uchun katta natija berdi. Bu jarayon sadoqat, qatʼiyat va hamjihatlik bilan amalga oshirilib, oʻzaro manfaatli kelishuvga erishish imkonini berdi.
    Muzokaralardagi qoʻllab-quvvatlovi va yetakchiligi uchun Yevropa Ittifoqi muzokara guruhiga, xususan, YEI Savdo boʻyicha bosh direktori Sabina Veyand, bosh muzokarachi Tamash Machzak, Mari-Pyer Nikora va barcha hamkasblarga chuqur minnatdorlik izhor etamiz.
    Shuningdek, Oʻzbekiston tomonidan ushbu jarayonda doimiy yordam va ragʻbat bergan Prezidentimiz, Prezident Administratsiyasi rahbari, Bosh vazir oʻrinbosari — Idoralararo qoʻmita raisi hamda muzokara guruhi aʼzolariga ham samimiy minnatdorlik bildiriladi.
    Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 31-davlat boʻldi. Shuningdek, oʻtgan hafta Panama bilan kelishuv tuzilgani haqida ham maʼlum qilingan edi.
    Endi rasman maʼlum: Oʻzbekiston 31 ta JTT aʼzosi bilan muzokaralarni yakunladi, faqatgina uchta davlat bilan muzokaralar qoldi,« — deb yozadi bosh muzokarachi.

    Oʻz oʻrnida Yevropa Ittifoqining policy.trade.ec.europa.eu saytida ham bu haqda xabar berildi.

    Yozilishicha, muzokaralar doirasida Oʻzbekiston tovarlar importi va eksporti boʻyicha eng yuqori bojxona stavkalari hamda xizmatlar sohasidagi majburiyat va imtiyozlarini belgilab berdi. Ushbu kelishuvlar kelgusida Oʻzbekistonning JTTga qoʻshilish Protokolida aks ettiriladi.

    Shuningdek, shu kuni Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻzaro manfaatli sohalar — savdo, investitsiya va hamkorlik yoʻnalishlarini qamrab olgan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvni (EPCA) ham imzoladilar.

    Bu qadam Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlaydi hamda 2025-yil 4-aprel kuni boʻlib oʻtgan “YEI — Markaziy Osiyo” sammitida mintaqaviy hamkorlikning strategik darajaga koʻtarilganini amalda tasdiqlaydi.

    Maʼlumotlarga koʻra, 2024-yil yakuniga koʻra Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonning dunyo miqyosidagi uchinchi yirik savdo hamkori (umumiy tashqi savdodagi ulushi 10,4 foiz) va ikkinchi yirik eksport bozori (eksportdagi ulushi 7,2 foiz) hisoblanadi.