Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
“Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish qarorida qatʼiy va biz sezilarli taraqqiyotga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, — degan tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev 2026-yilda Kamerunda boʻlib oʻtadigan JST vazirlarining 14-konferensiyasigacha tashkilotga aʼzo boʻlishni nazarda tutib.
Jamshid Xoʻjayev yigʻilishda ishtirok etayotgan delegatsiya aʼzolarini Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish borasidagi harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. Ularning hamkorligi, tajribasi va yordami bu boradagi muzokaralarining muvaffaqiyatli yakunlanishida hal qiluvchi ahamiyatga egaligini taʼkidladi.
Ishchi guruh raisi, Koreya Respublikasi elchisi Yun Son Dok muzokaralar surʼati tezlashganini aytdi.
“Bugun biz yettinchi uchrashuvimizdan atigi olti oy oʻtib uchrashyapmiz. Ishchi guruh yigʻilishlari oraligʻining qisqargani faoliyatimiz jadal surʼatlar bilan rivojlanayotganidan dalolatdir”, — degan u.
U Oʻzbekistonning muzokaralardagi muvaffaqiyatini yuqori baholadi va tashkilotga aʼzo boʻlish jarayoni yangi bosqichga oʻtganini taʼkidladi.
Adliya vaziri oʻrinbosari Alisher Karimov yettinchi yigʻilishdan soʻng Oʻzbekiston oʻz savdo tizimini turli sohalarda JST qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan bir qancha qonun hujjatlarini qabul qilganini qayd etib oʻtdi.
Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha ishchi guruh 1998-yilda tashkil etilgan edi. Keyingi yillarda ushbu ishchi guruh faqat uch marta uchrashdi va 2005-yillarning oʻrtalariga kelib bu borada xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar toʻxtab qolgandi.
Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni 2020-yil iyul oyida boʻlib oʻtgan ishchi guruhning toʻrtinchi yigʻilishi bilan rasman qayta tiklandi. Shundan soʻng 2022-yil iyun, 2023-yil mart va 2023-yil noyabr oylarida yana uchta uchrashuv boʻlib oʻtdi.
2023-yil sentyabrida Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv oʻtkazgandi. Unda JST bosh direktori Oʻzbekiston tomonidan tashkilotga aʼzo boʻlish borasida koʻrilayotgan choralarni yuqori baholagan. Ngozi Okonjo-Iveala JST kotibiyati Oʻzbekistonning saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini aytgan hamda mamlakat yaqin kelajakda tashkilotga qoʻshilishiga ishonch bildirgandi.