Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlsa, avtomobillar narxi pasayadimi?

    Markaziy bank 2023-yilning birinchi yarmi yakunlari boʻyicha tayyorlagan “Moliyaviy barqarorlik sharhi”da bu haqda maʼlum qildi.

    Markaziy bank 2023-yilning birinchi yarmi yakunlari boʻyicha tayyorlagan “Moliyaviy barqarorlik sharhi”da keltirilishicha, Oʻzbekistonning jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi avtomashinalar narxlari pasayishiga sabab boʻlishi mumkunligi haqida maʼlumot bergan.

    Qayd etilishicha, kelgusida mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi natijasida import uchun bojxona tariflarining qisqarishi, shuningdek Oʻzbekistonda qoʻshimcha avtoulov ishlab chiqarish korxonalarining tashkil etilishi avtoulov bozoridagi taklif hajmini ortishiga xizmat qiladi. Bu esa, ichki bozorda avtoulov narxlarining pasayishiga sabab boʻlishi mumkin.

    2023-yil boshiga koʻra, 2022-yilga nisbatan mamlakatda mavjud yengil avtoulovlar soni 11 foizga oʻsgan. 2023-yil birinchi yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekiston boʻyicha har 1000 nafar doimiy aholiga 94 ta yengil avtomobil toʻgʻri kelgan. Bu koʻrsatkich 2022-yilga nisbatan sakkiztaga koʻp.

    Mamlakatda avtomobillar sonida oʻsish tendensiyalari kuzatilayotganiga qaramay, ushbu koʻrsatkichning Markaziy Osiyo, Kavkaz va boshqa davlatlar orasida nisbatan past ekanligi avtoulovlar bozorida qondirilmagan talab miqdorining yuqori ekanligidan dalolat bergan.

    Avtoulov narxlarining arzonlashishi natijasida tijorat banklari tomonidan avtokreditlar ajratishda garov sifatida qabul qilingan avtoulovlarning bozor qiymati kamayadi. Bunda, ajratilgan avtokreditlar yetarlicha garov taʼminoti bilan taʼminlanmasligi yuzaga kelishi mumkin.

    Natijada, qarz oluvchilarda kredit toʻlashdan koʻra garovdan voz kechish ehtimoli yuqorilab, tijorat banklarida avtokreditlar boʻyicha muammoli kreditlarning ulushi va kredit yoʻqotishlari hajmining ortishi kuzatiladi mumkin.

    “Moliyaviy barqarorlik sharhi”da qayd etishilishicha, avtoulov bozorida narxlarning keskin arzonlashishi tufayli jami kredit portfelida avtokreditlar ulushi yuqori boʻlgan banklarda yirik kredit yoʻqotishlari yuzaga kelishi mumkin. Jami kredit portfelida avtokreditlar ulushi yuqori boʻlgan banklarning bank tizimida sezilarli ahamiyatga ega ekanligi inobatga olinsa, ushbu banklarda yuzaga kelgan moliyaviy qiyinchiliklar bank tizimi uchun qoʻshimcha tizimli xatarlarni yuzaga keltirishi mumkin.