Oʻzbekiston JSTga qoʻshilish uchun unga aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib boradi

    Mamlakatimizda 29 Dekabr 2022 668

    Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhning 6-yigʻilishini tashkil etishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

    Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjayev raisligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar yakunlari sarhisob qilindi va jalb qilingan vazirlik va idoralar kesimida JSTga aʼzo boʻlish doirasida 2023-yilga moʻljallangan asosiy vazifalar belgilab olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga murojaatida belgilanganidek, Tashkilotga aʼzo boʻlish boʻyicha barcha asosiy muzokaralarni 2023-yil oxirigacha yakunlash, shuningdek, milliy qonunchilikni JST qoidalari va meʼyorlariga muvofiqlashtirish va yangi standartlarni joriy etish boʻyicha ishlarni jadallashtirishga doir kompleks chora-tadbirlarni koʻrish muhimligi. alohida taʼkidlandi.

    Uchrashuv davomida respublikaning JSTga aʼzo boʻlishining hozirgi holati va Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhning 6-yigʻilishini tashkil etishga tayyorgarlik koʻrish masalalari ham muhokama qilindi.

    Maʼlum qilinishicha, hozirga qadar JSTga aʼzo davlatlar rejalashtirilgan muzokaralarni tashkil etish uchun barcha zarur hujjatlarni olgan. Bundan tashqari, JSTga aʼzo davlatlar va Tashkilot Kotibiyati bilan avval erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar va maslahatlashuvlar oʻtkazilmoqda.

    Tahlil natijalariga koʻra, Idoralararo komissiya aʼzolariga Ishchi guruhning 6-yigʻilishiga har tomonlama tayyorgarlik koʻrish, barcha topshiriqlarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash va tayyorlanayotgan hujjatlar sifatini oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga barcha zarur hujjatlarni tayyorlash va JSTga aʼzo davlatlar bilan aniq muddatlarda ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash boʻyicha individual rejalar ishlab chiqish topshirildi.

    Yigʻilish yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruh yigʻilishlarini va Tashkilotga aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni oʻz vaqtida tashkil etish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida muntazam ravishda yigʻilish va muhokamalarni oʻtkazish boʻyicha topshiriq berildi.